2019 yil 31 may kuni soat 14:00da Milliy matbuot markazida “O`zbekiston Respublikasida tashqi savdo aylanmasi ko`rsatkichlarining shakllantirilishi” mavzusida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Tadbirda Davlat statistika qo`mitasi rahbariyati, markaziy apparat tarmoq boshqarmalari boshliqlari, Toshkent viloyat va Toshkent shahar statistika boshqarmalari xodimlari, Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazi o`qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida ta`kidlanganidek, Tashqi savdo aylanmasi – mamlakatning muayyan davrdagi eksport va import qiymatlarining yig`indisidir. Tashqi savdo aylanmasini hisoblashda asosan eksport va import qilingan tovarlar va xizmatlar ko`rsatkichlaridan foydalaniladi.
Tovarlar eksporti — tovarlarni ularni qaytarib olib kirish majburiyatisiz O`zbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib chiqish bo`lsa, xizmatlar (ishlar) eksporti — O`zbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan norezidentlarga, iqtisodiy geografik joylashuvidan qat`iy nazar ko`rsatilgan xizmatlar (bajarilgan ishlar)dir.
Shuningdek, tovarlar importi — tovarlarni ularni qaytarib olib chiqish majburiyatisiz O`zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirish bo`lib, xizmatlar (ishlar) importi — norezidentlar tomonidan O`zbekiston Respublikasi rezidentlariga, iqtisodiy geografik joylashuvidan qat`iy nazar, ko`rsatilgan xizmatlar (bajarilgan ishlar)dan iboratdir.
2018 yil yakuniga ko`ra respublikamiz tashqi savdo aylanmasi o`tgan yilga nisbatan 25,8 foizga oshib, 33 430,0 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Bunda, amalga oshirilgan eksport hajmi 13 990,7 mln. AQSh dollar (o`sish sur`ati – 11,4 foiz)ga va import hajmi 19 439,3 mln. AQSh dollar (o`sish sur`ati – 38,7 foiz)ga teng bo`ldi.
Shuningdek, tashqi savdo aylanmasi ko`rsatkichlaridan eksport tarkibini tahlil qiladigan bo`lsak, eksport tovarlari ichida 2018 yil yakunlariga ko`ra energiya manbalari va neft mahsulotlari 65,9 foizga o`sib, boshqa eksport tovarlari ichida yetakchilik qilayotganini va aksincha, paxta tolasi eksporti esa 53,4 foizga kamayganini ko`rish mumkin. Buni esa, paxta xom-ashyosini yuqori qo`shilgan qiymatga ega bo`lgan to`qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportga yo`naltirilishi bilan izohlash mumkin.
Xususan, 2018 yil davomida 1300,3 mln. AQSh dollari miqdorida to`qimachilik mahsulotlari eksporti hajmi amalga oshirildi. Bu ko`rsatkich 2017 yilning mos davriga nisbatan 14,7 foizga o`sib, umumiy eksport hajmining 9,3 foizini tashkil qildi. Yil boshidan 348 turdan ortiq to`qimachilik mahsulotlar dunyoning 57 ta davlatiga eksport qilindi.
Import tarkibika ko`ra esa, mashina va asbob uskunalar o`tgan yilga nisbatan 65,4 foizga o`sganini ko`rsatib o`tish lozim.
Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi tomonidan har oyning yakunida tashqi savdo aylanmasi, eksport va import ko`rsatkichlariga oid ma`lumotlar qo`mitaning www.stat.uz rasmiy saytida, infografika roliklari ko`rinishida “O`zbekiston 24” teleradiokanali hamda Davlat statistika qo`mitasining Facebook ijtimoiy tarmog`idagi sahifasi va Telegram messenjer (UZSTAT)dagi guruhi orqali foydalanuvchilar e`tiboriga havola etib kelinmoqda.
Davlat statistika qo`mitasi tomonidan muntazam ravishda mamlakatning yetakchi oliy o`quv yurtlarida o`tkazilayotgan seminar va davra suhbatlarida tashqi savdo aylanmasiga oid ko`rsatkichlar, ma`lumotlar e`lon qilinib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.
Matbuot anjumanida Davlat statistika qo`mitasi mutaxassislari jurnalistlar tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi.
Axborot xizmati