22/05/2019

2019 yil 22 may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Mamlakatimizning statistika salohiyatini oshirish, statistik ma`lumotlarning ochiqligini ta`minlash” mavzusida “Davra suhbati” bo`lib o`tdi.

Tadbirda, Davlat statistika qo`mitasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o`qituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta`minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-4273-son qaroriga asosan, Davlat statistika qo`mitasi, davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar to`plamlari ro`yxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning O`zbekiston Respublikasi Ochiq ma`lumotlar portali (data.gov.uz)da o`z vaqtida aks ettirilishi bo`yicha faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas`ul etib belgilandi.

Shuningdek, davlat statistika organlarida amalga oshirilayotgan ishlardan ko`zlangan asosiy maqsad, O`zbekiston Respublikasida bo`layotgan ijtimoiy-iqtisodiy o`zgarishlar va islohotlar to`g`risidagi ochiq va haqqoniy ma`lumotlarni xalqaro tashkilotlarning ma`lumotlar bazalarida hamda yetakchi xalqaro reytinglarda aks ettirilishini ta`minlash ekanligi alohida e`tirof etildi.

Ta`kidlanganidek, statistik axborotlarning maksimal darajada ochiqligini ta`minlash maqsadida e`lon qilinadigan ko`rsatkichlar tarkibi qayta ko`rib chiqilib, kengaytirildi. Qo`mitaning rasmiy veb-sayti tahliliy ma`lumotlar, byulletenlar, doklad va press-relizlar bilan muntazam ravishda boyitib borilmoqda.

Shuningdek, Davlat statistika qo`mitasining mas`ul xodimlari tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham atroflicha javob qaytardi.

 

Davlat statistika qo`mitasi Axborot xizmati