2019 yil 9-12 aprel kunlari Jenevada (Shveytsariya) Milliy hisoblar bo’yicha ekspertlar guruhining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Ushbu tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi (BMT YIK), Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasi hamda Yevrostat bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ekspertlar guruhining yig`ilishida O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasining Makroiqtisodiy indikatorlarni shakllantirish va tahlil etish bo’limi boshlig`i o’rinbosari Z.A.Kamilova ham ishtirok etdi.
Ushbu yig`ilishda MDH va xorijiy mamlakatlar milliy statistika xizmatlari hamda Markaziy banklari, shuningdek, BMT YIK, XVJ, Yevrostat, Jahon banki va bir qator xalqaro tashkilotlarning ekspertlari ishtirok etdilar.
Yig’ilishning asosiy maqsadi Global ishlab chiqarishni baholash bo’yicha qo’llanma nizomlarini joriy qilishda BMT YIKga a’zo mamlakatlar mutaxassislarining o’zaro tajriba almashinuviga hamda global ishlab chiqarish bo’yicha statistik ma’lumotlarni yig’ishda, shakllantirishda va tahlil qilishda milliy hisoblar va to’lov balansi tuzuvchilari duch keladigan murakkab masalalar bo’yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishga qaratildi. Shuningdek, yig’ilishda global hisoblarni rivojlantirish va Global ishlab chiqarishni baholash bo’yicha qo’llanmani o’rganish dasturini amalga oshirilishi bilan bog’liq bo’lgan eng so’nggi xalqaro tashabbuslar ham taqdim etildi.
Axborot xizmati