2019 yil 28 mart kuni soat 11:00da Milliy matbuot markazida “O`zbekiston Respublikasida aholini ro`yxatga olish tartibi va uni o`tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Tadbirda, Davlat statistika qo`mitasi rahbariyati, markaziy apparat tarmoq boshqarmalari boshliqlari, Toshkent viloyat va Toshkent shahar statistika boshqarmalari xodimlari, Kadrlarni qayta tayyorlash
va statistika tadqiqotlari markazi o`qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida ta`kidlanganidek, Aholini ro`yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko`lamli tadbir bo`lib, aholi to`g`risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Har qanday davlatning tarixi – bu, birinchi navbatda, unda yashaydigan xalqning tarixi, aholisining soni va tarkibi, uning iqtisodiy va ijtimoiy tavsiflarida o`z ifodasini topadi. Aholi soni bo`yicha aniq va yaxlit ma`lumotlar aholini ro`yxatga olish asosida olinadi.
Aholini ro`yxatga olish yakunlariga qarab o`tmish va hozirgi davr haqida fikr va mulohazalar yuritish hamda kelajakni prognoz qilish mumkin bo`ladi.
Aholini ro`yxatga olish mamlakatda yashovchi barcha aholiga tegishli bo`lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma`lumotlarni yig`ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilishi va e`lon qilishning yagona jarayonini o`z ichiga olib, aholi to`g`risidagi ma`lumotlarning asosiy manbai hisoblanadi va u kelgusi 10-30 yillik rivojlanishning prognoz ko`rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi, hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muxtoj qatlamlariga yordam berish bo`yicha siyosiy va boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur ma`lumotlarni olish imkonini beradi.
Tadbirda ta`kidlanganidek, O`zbekiston hududida dastlabki aholi ro`yxati 1897 yilda o`tkazilgan bo`lib, ushbu ro`yxat ma`lumotlari XIX asr oxirida O`zbekistonda mavjud oilalar soni, aholi soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug`ilish, o`lim kabi demografik jarayonlar haqida tassavvur hosil qilishga yordam bergan. O`zbekiston hududida keyinchalik 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda aholini ro`yxatga olish ishlari tashkil etilgan.
O`zbekistonda Aholini ro`yxatga olish to`g`risida qonun qabul qilinmagan. Shuning uchun, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro`yxatga olishni o`tkazish kontseptsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi PF-5655-son Farmonida alohida band sifatida O`zbekiston Respublikasining “Aholini ro`yxatga olish to`g`risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.
Matbuot anjumanida ta`kidlanganidek, Demografiya va mehnat statistikasi boshqarmasi tomonidan har chorakning yakuniga ko`ra demografiya va mehnat statistikasi ko`rsatkichlariga oid ma`lumotlar qo`mitaning www.stat.uz rasmiy saytida, infografika roliklari ko`rinishida “O`zbekiston 24” hamda “O`zbekiston” teleradiokanallarida shuningdek, Davlat statistika qo`mitasining Facebook ijtimoiy tarmog`idagi sahifasi va Telegram messenjerida guruhi orqali foydalanuvchilar e`tiboriga havola etib kelinmoqda.
Shuningdek, Davlat statistika qo`mitasi tomonidan muntazam ravishda mamlakatning yetakchi oliy o`quv yurtlarida o`tkazilayotgan seminarlar va davra suhbatlarida ham Demografiya va mehnat statistikasiga oid ma`lumotlar e`lon qilinib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.
Matbuot anjumanida Davlat statistika qo`mitasi mutaxassislari jurnalistlar tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi.
Axborot xizmati