27/03/2019

Аyni kunlarda Koreya Respublikasining statistika tashkiloti (KOSTAT)ning 5 kishidan iborat vakillari Davlat statistika qo`mitasiga rasmiy tashrif bilan kelishdi. Mazkur tashrif Davlat statistika qo`mitasi va Koreya Respublikasi statistika tashkiloti (KOSTAT) o`rtasida 2011 yil 24 avgustda imzolangan “Statistika sohasida hamkorlik to`g`risidagi Anglashuv memorandumi”ga muvofiq tashkil etildi.

 Tashrif davomida 25-26 mart kunlari Davlat statistika qo`mitasida ikki tomon mutaxassislari ishtirokida bir qator seminarlar o`tkazildi. Jumladan, KOSTAT vakillari “Koreya Milliy Statistika tizimi”, “Jamoat bilan aloqa”, “aholini ro’yhatga olish va demografiya statistikasi tizimlari”, “Xalqaro Migratsiya Statistikasi” mavzularida taqdimotlar o`tkazishib, Koreya Respublikasi tajribasi to`g`risida batafsil axborot berishdi.

Shuningdek, Davlat statistika qo`mitasi vakillari qo’mitaning faoliyati, tashkiliy tuzilmasi, vazifalari bilan mehmonlarni tanishtirishdi.

KOSTAT delegatsiyasining O`zbekistonga tashrifi va Davlat statistika qo`mitasi vakillari bilan uchrashuvlari juda iliq va do`stona ruhda o`tdi.

 Axborot xizmati