2019 yil 18 mart kuni soat 10:00 da Buxoro Davlat Universitetida “Milliy statistika tizimi: nazariya va amaliyot” mavzusida “Davra suhbati” bo`lib o`tdi.
Tadbirda Davlat statistika qo`mitasi vakillari, Buxoro viloyat statistika boshqarmasi xodimlari, Buxoro davlat universiteti professor o`qituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta`kidlandiki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 31 iyuldagi “O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori soha faoliyatini yangi bosqichga ko`tarish, statistik axborotlarni yig`ish, to`plash, saqlash, qayta ishlash hamda ularni Internet tarmog`i, ommaviy axborot vositalari va mahalliy telekanallar orqali keng tarqatishni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, bugungi “Axborot asri”da statistik axborotlarning erkinligi, oshkoraligini ta`minlash, mamlakatimizning rivojlanish ko`rsatkichlarini xalqaro statistik to`plamlarda chop etish hamda turli yo`nalishdagi reytinglarda aks ettirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shundan kelib chiqib, xalqaro statistik, iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda.
Ta`kidlanganidek, qaror ijrosini ta`minlash yuzasidan Buxoro viloyat statistika boshqarmasida kompleks chora-tadbirlar dasturi, nazorat rejasi va vazifalarning har bir bandi ijrosi bo`yicha xarakat rejalari ishlab chiqildi. Statistik axborotlarning maksimal darajada ochiqligini ta`minlash maqsadida e`lon qilinadigan ko`rsatkichlar tarkibi qayta ko`rib chiqilib, kengaytirildi. Boshqarmaning rasmiy veb-sayti tahliliy ma`lumotlar, byulletenlar, doklad va press-relizlar bilan muntazam ravishda boyitib borilmoqda. Shuningdek, tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan barcha savollarga Davlat statistika qo`mitasi vakillari va Buxoro viloyat statistika boshqarmasining tarmoq statistika bo’limlari xodimlari tomonidan batafsil javoblar berildi.
Axborot xizmati