13/03/2019

Joriy yilning 6-8 mart kunlari Bangkok (Tailand) shahrida Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) tomonidan tashkillashtirilgan “Katta hajmdagi ma`lumotlardan (Big Data) foydalanib, Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog`liq ko`rsatkichlarni chuqurroq tahlil qilish” bo`yicha 14 ta mamlakat (O`zbekiston, Filippin, Xitoy, Sharqiy Timor, Vetnam, Shri-Lanka, Tailand, Nepal, Myanma, Laos, Indoneziya, Bangladesh, Mongoliya, Maldiv) statistika idoralari, shuningdek, Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) vakillari ishtirokida o`quv seminar o`tkazildi.

Mazkur tadbirda O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasining vakillari – Ta`lim, sog`liqni saqlash, fan va innovatsiya sohalarida statistik kuzatuvlar bo`limi boshlig`i Sherzod Abraev hamda Statistik vazifalarni dasturlashtirish va texnik qo`llab-quvvatlash bo`limi boshlig`i Chingiz Zaytsevlar ishtirok etishdi.

Seminar doirasida milliy statistika organlarining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog`liq katta hajmdagi ma`lumotlardan foydalanish va joriy qilish tamoyillari, katta hajmdagi ma`lumotlarni qayta ishlash va jamlashda R dasturiy ta`minoti bilan ishlash ko`nikmalarini shakllantirish masalalari  muhokama qilindi.

Bundan tashqari, seminarda Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog`liq katta hajmdagi ma`lumotlardan foydalanish bo`yicha alohida mamlakatlarning tajribalari namoyish etildi, shuningdek, R dasturiy ta`minoti tizimi orqali statistik tahlil qilish, klasterlash va vizuallashtirish maqsadida, ishlab chiqilgan ma`lumotlardan foydalangan holda amaliy mashg`ulotlar o`tkazildi.

 

Axborot xizmati