27/02/2019

2019 yil 27 fevral kuni soat 10:00 da Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “Milliy statistika tizimi: nazariya va amaliyot” mavzusida “Davra suhbati” bo`lib o`tdi.

Tadbirda, Davlat statistika qo`mitasi, Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazi xodimlari, Muhammad al-Xorazmiy  nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o`qituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida ta`kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 31 iyuldagi “O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori soha faoliyatini yangi bosqichga ko`tarish, statistika axborotlarini yig`ish, to`plash, saqlash, qayta ishlash hamda ularni Internet tarmog`i, ommaviy axborot vositalari va mahalliy telekanallar orqali keng tarqatishni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, bugungi “Axborot asri”da statistik axborotlarning erkinligi, oshkoraligini ta`minlash, mamlakatimizning rivojlanish ko`rsatkichlarini xalqaro statistik to`plamlarda chop etish hamda turli yo`nalishdagi reytinglarda aks ettirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shundan kelib chiqib, xalqaro statistik, iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda.

Ta`kidlanganidek, qaror ijrosini ta`minlash yuzasidan Davlat statistika qo`mitasida kompleks chora-tadbirlar dasturi, nazorat rejasi va vazifalarning har bir bandi ijrosi bo`yicha xarakat rejalari ishlab chiqildi. Shuningdek, Davlat statistika qo`mitasi markaziy apparati va hududiy bo`linmalari tarkibi qaytadan ko`rib chiqilib, qo`mita markaziy apparati tarkibida yangi boshqarmalar tashkil etildi. Statistik axborotlarning maksimal darajada ochiqligini ta`minlash maqsadida e`lon qilinadigan ko`rsatkichlar tarkibi qayta ko`rib chiqilib, kengaytirildi. Qo`mitaning rasmiy veb-sayti tahliliy ma`lumotlar, byulletenlar, doklad va press-relizlar bilan muntazam ravishda boyitib borilmoqda.

Shuningdek, Davlat statistika qo`mitasining mas`ul xodimlari tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham atroflicha javob qaytardi.

Axborot xizmati