29/01/2019

So`nggi paytlarda Davlat statistika qo`mitasining rasmiy saytida e`lon qilinayotgan statistik ma`lumotlarga foydalanuvchilar tomonidan bildirilayotgan qiziqishlar tobora ortib bormoqda. Biroq, bir qancha ijtimoiy tarmoqlar va elektron ommaviy axborot vositalarida (masalan, https://uznews.uz/ru/article/13576, http://www.xabar.uz/jamiyat/gosht-shakar-va-guruch-narxi  va x.k.) qo`mitaning rasmiy chop etilgan ma`lumotlarini noto`g`ri tahlil qilish holatlari kuzatilmoqda.

2019 yil boshidan Davlat statistika qo`mitasi alohida 9 turdagi oziq-ovqat (mol go`shti, ko`y go`shti, kartoshka, piyoz, sabzi, tuxum, guruch, o`simlik yog`i va shakar) mahsulotlarining minimal-maksimal narxlari to`g`risidagi ma`lumotlarni e`lon qilib bormoqda.

Ushbu ma`lumotlar tanlanma statistik tamoyillariga asoslangan holda shakllantirilgan savdo ob`ektlari  (markaziy dehqon bozorlar) kesimida amalga oshiriladi.

Minimal-maksimal narx ma`lumotlarini shakllantirishdan ko`zlangan asosiy maqsad, ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining  respublika bo`yicha narxlar diapazonini aniqlashdan iborat. Buning natijasida shakllantirilgan ma`lumotlar aniq hudud bo`yicha o`rtacha iste`mol narxlarni va uning darajasini aks ettirmaydi.

Misol uchun, 2019 yilning 25 yanvar holatidagi 1 kg. mol go`shtining minimal narxi  28000 so`mni tashkil etgan va ushbu narx Nukus shahri (“Nukus dehqon bozori”) hamda Toshkent shahri (“Oloy dehqon bozori”, “Farhod dehqon bozori”, «Qo`yliq dehqon bozori»)da ro`yxatga olingan. Bu esa, qayd etilgan hududlarda mol go`shti narxlarining eng arzonligini bildirmaydi. Ushbu hududlarda mol go`shtlarining minimal narxlaridan tashqari birmuncha yuqori narxlarda ham sotilishi mumkin. Huddi shunday holat guruch narxlarida ham qayd etilgan bo`lib, guruchning navidan kelib chiqib, narxlar orasidagi tavofut 5000 so`mdan 25000 so`mgachani tashkil etgan.

Shuni alohida qayd etib o`tish lozimki, minimal va maksimal narxlar dinamikasi aniq turdagi tovarning muayyan narxlaridagi o`zgarishini aks ettirishi bilan bir qatorda, hududiy va tovar turlari o`zgarishlarini ham o`z ichiga oladi.

2019 yilning 25 yanvaridan boshlab, 1 litr o`simlik yog`ining eng arzon narxi 8000 so`mni tashkil etgan va ushbu narx  Andijon shahrida ro`yxatga olingan ("Yangibozor dehqon bozori "). Avvalroq esa, ya`ni, 2019 yilning 8 yanvar holatiga ushbu ko`rsatkich 8300 so`mni tashkil etgan va Toshkent shahrida (“Qo`yliq dehqon bozori”) ro`yxatga olingan edi. Agarda, narxlar o`zgarishini to`g`ridan-to`g`ri tahlil qiladigan bo`lsak, natijada narxlar darajasida pasayish holati kuzatilgan bo`lar edi (8000 so`m – 8300 so`m = - 300 so`m). Bu vaziyatda narxlarning o`zgarishi dinamikasiga hududiy siljishlar ta`sir etganligini ko`rishimiz mumkin. (8 yanvar -  Toshkent,  25 yanvar – Andijon shahar).

Boshqa bir misol tariqasida narxlar o`zgarishini tahlil qiladigan bo`lsak, 2019 yil 4 yanvarida tuxumning minimal narxi Guliston shahrida ro`yxatga olingan bo`lib (10 donasi 4000 so`m), joriy yilning 25 yanvar holatida esa Toshkent shahrida qayd etilgan (10 donasi 3000 so`m). Agar, biz narxlarni to`g`ridan-to`g`ri taqqoslaydigan bo`lsak, natijada tuxum narxlarini 1000 so`mga  yoki 25 %ga arzonlashtirgan bo`lamiz. Biroq bu avvalgi misolda keltirilganidek, narxlar dinamikasi hududiy o`zgarishlar ta`sirida shakllanganligini ko`rishimiz mumkin.

Shu sababli, bunday narx o`zgarishlari natijasida  respublikada o`simlik yog`i va tuxum narxlari arzonlashdi deya e`tirof etib bo`lmaydi.

Shu bilan birga, dehqon bozorlarida sotilayotgan mahsulotlar narxlari kun davomida sezilarli darajadagi o`zgarishlarga duch kelishi mumkin. ya`ni, sifati tez buziladigan mahsulotlar narxlari kun oxiriga kelib kunning birinchi yarmidagi narxlarga nisbatan arzonlashadi. Huddi shunday holat kun yakuniga kelib “qoldiq” mahsulotlar narxlarida ham kuzatiladi (halq tili bilan aytganda “kechki bozor”).

Shuningdek, Davlat statistika qo`mitasi tomonidan har oyda iste`mol narxlari indeksi, respublikaning ichki iste`mol sektorida inflyatsiya darajasi va unga ta`sir etuvchi omillar bo`yicha tahliliy materiallar e`lon qilib boriladi. Iste`mol narxlari kuzatuvi va iste`mol narxlari indeksi (INI)ni hisoblashda faqatgina inflyatsion omillar inobatga olinadi (hududiy, tuzilmaviy va mahsulotlar turlarining xilma-xilligi bo`yicha siljishlarini hisobga olmagan holda).

Iste`mol narxlari o`zgarishiga oid ma`lumotlarni yig`ishda xalqaro standartlar tavsiyalariga asosan, tanlab olingan hududlardagi savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlarida aniq turdagi tovar va xizmatlar narxlarini solishtirishda muayyan o`zgarmas hususiyatlarga, narxlarni ro`yxatga olishdagi davriylik (oyning aniq kunida) va shu kabi talablar asosida amalga oshirilishi kerak. Shu sababli, iste`mol narxlari indeksi ko`rsatkichlari mamlakat bo`yicha ham tovarlar, ham xizmatlarning muayyan turlari bo`yicha narxlar o`zgarishi dinamikasi ko`rsatkichi sifatida e`tirof etilishi mumkin.

 

Davlat statistika qo`mitasi Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech