25/12/2019

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida “Statistik axborotlarning dolzarbligi va ahamiyati, xo‘jalik subyektlari tomonidan taqdim etilayotgan davlat statistika hisobotlari va ma'lumotlarining holati, hisobotlarni to‘g‘ri to‘ldirish va haqqoniy taqdim etish” mavzusida  seminarlar tashkil etildi.

Tashkil etilgan seminarlarda statistik axborotlarning dolzarbligi va ahamiyati, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalasida so‘z yuritildi. Unda hokimlik, Davlat statistika qo‘mitasi va statistika boshqarmalari mas’ul xodimlari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa tashkilot vakillari qatnashdi.

O‘tkazilgan seminarlarda Davlat statistika qo‘mitasi va hokimlik vakillari so‘zga chiqib, investitsiya sohasiga oid statistik ko‘rsatkichlarning mohiyati, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha davlat statistika hisobotlarini to‘g‘ri to‘ldirish hamda sifatli va haqqoniy taqdim etish masalalari bo‘yicha batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirlarda shuningdek, hisobot topshiruvchi xo‘jalik subyektlari, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, investitsiya sohalariga oid statistik ko‘rsatkichlarning mohiyati bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi.

 Seminarlar davomida mavzu yuzasidan takliflar bildirilib, mulohazalar tinglandi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga statistika sohasi mas’ul xodimlari tomonidan batafsil javob berildi.

Axborot xizmati