25/12/2019

Joriy yil 25-dekabr kuni Davlat statistika qo‘mitasida navbatdagi ma’naviyat soati tashkil etildi. Bu galgi tadbirda inson hayoti va ish faoliyatida psixogenetikaning tutgan o‘rni haqida so‘z yuritildi.

Ma’naviyat soatiga Toshkent moliya instituti "Kasbiy psixologiya, jismoniy tarbiya va sport" kafedrasi katta o‘qituvchisi Abdumajidova Dildora Rahmatullayevna taklif etildi. U mavzu yuzasidan batafsil fikr-mulohaza yuritib, psixogenetikaning inson hayoti va ish faoliyatidagi ahamiyati xususida ma’lumot berdi.

Seminarni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – inson hayoti va ish faoliyatida psixologiyaning o‘rni, ma’lumot olish va tarqatishda psixogenetikaning ahamiyati kabi jihatlar haqida to‘g‘ri yondashuvlarni shakllantirishdan iborat.

Dildora Abdumajidova erkaklar va ayollar psixologiyasida psixogenetikaning farq va o‘zgarishlari, ma’lumot olish va tarqatishda me’yorlarga amal qilish hamda muloqot madaniyati borasida batafsil to‘xtalib o‘rdi.  Ishtirokchilar mavzu bo‘yicha anonim so‘rovnomalarga javob berib, o‘z dunyoqarashi va psixologiyasining qandayligini sinovdan o‘tkazdi.

Seminarda shuningdek, jamiyatda erkaklar va ayollar tengligini ta’minlash, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish zarurati, jamoat joyida o‘zini tutish qoidalari, muomala madaniyatining salbiy va ijobiy tomonlari haqida so‘z yuritilib, hayotiy misollar yordamida atroflicha tushuntirildi.

Tadbir so‘ngida xodimlarning qiziqtirgan savollariga batafsil javob berildi.

Axborot xizmati