25/12/2019

2019 yil 25 dekabr kuni soat 11:00da O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat statistika qo`mitasi tomonidan “Statistik ma`lumotlarning haqqoniyligi, ishonchliligi va ularning ochiqligini ta`minlash borasida milliy statistika tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda istiqboldagi vazifalar” mavzusida yil yakunlariga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.

Tadbirda Davlat statistika qo`mitasi markaziy apparati, Toshkent shahri va Toshkent viloyat statistika boshqarmalari vakillari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan statistika sohasiga doir qabul qilingan so`nggi qaror va farmonlar hamda Prezidentimizning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida statistika sohasida amalga oshirilishi lozim bo`lgan qator muhim vazifalar belgilab berildi. Shundan kelib chiqib, olib borilgan amaliy ishlar natijasida bugungi kunda qo`mitaning saytida 20 ta bo`limda 279 ta to`plam jadval ko`rinishida 1 mln. dan ziyod makroiqtisodiy ko`rsatkichlar e`lon qilib borilmoqda. Foydalanuvchilar hamda keng jamoatchilik uchun 90 dan ziyod tahliliy statistik ma`lumotlar va press-relizlar o`zbek, rus va ingliz tillarida rasmiy saytda e`lon qilinib, ular asosida markaziy telekanallarda turli infografika videoroliklar ko`rinishda ma`lumotlar tezkorlik bilan xolisona yoritib borish yo`lga qo`yilgan.

Shuningdek, shakllantirilayotgan statistik axborotlarni xolis va shaffofligini ta`minlash uchun harakatdagi statistik hisob-kitoblarni yuritish uslubiy qo`llanmalarining 5 tasi takomillashtirildi, 32 ta yangi uslubiy qo`llanma ishlab chiqildi va amaliyotga joriy qilindi, 17 ta davlat statistika kuzatuvlari shakllariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilgan.

Eng muhimi, statistik ma`lumotlar haqqoniyligi, ishonchliligi va ochiqligini ta`minlashda Axborot kommunikatsiya texnologiyalari funktsional imkoniyatlaridan keng foydalanish masalasiga alohida e`tibor qaratilayotgani qayd etildi. 

Jumladan, hozirgi kunda barcha oylik, choraklik va yillik davlat statistik hisobotlarni subyektlar tomonidan e-Stat 3.0 Avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali topshirish 100 % yo`lga qo`yilgan. ya`ni, hisobot topshirish jarayonida inson omilining aralashishiga tamomila chek qo`yilgan.

Shuningdek, ta`kidlanishicha yig`ma statistik ma`lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligini ta`minlashda kadrlar salohiyati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois kadrlar malakasini oshirish, sohaga oid statistik tadqiqotlarni yanada jadallashtirish kun tartibidagi dolzarb masala hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining  2019 yil 17 avgustdagi 686-sonli qarori bilan qo`mitaning Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markazi kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutiga aylantirilishi yuqorida keltirilgan masalalarning ijobiy yechimiga ayni muddao bo`ldi.

Institut tomonidan 5 ta yo`nalishda, 13 ta statistika sohasiga oid turli dolzarb mavzularda o`qishlar tashkil etilib, ularda 2019 yilda 1155 nafar tizim xodimlari malakasini oshirishga erishildi.

Shuningdek, joriy yilning o`tgan davrida 112 nafar tizim xodimlari turli xalqaro darajadagi seminar-trenninglarda ishtirok etdi. Ularda olingan xalqaro tajriba va yangi uslubiyotlar qo`mita foaliyatiga keng joriy qilinmoqda.

Yana bir muhim masala, hozirgi kunda Respublikamizda inflyatsiya darajasini  haqqoniy, ishonchli va ochiq hisob-kitob qilib berish to`liq yo`lga qo`yildi. Bu boradagi hisob-kitob ishlarini yanada takomillashtirish hamda inson omili aralashuvini kamaytirish maqsadida, statistik tanlanma kuzatuvlarni elektron planshetlar orqali o`tkazish joriy etilmoqda. Ayni kunga qadar, barcha hududlarda narx kuzatuvlarini  100 % planshetlar asosida o`tkazish yo`lga qo`yilgan. Natijada, hududlarda narx-navoni kuzatish onlayn rejimida amalga oshirilib, ma`lumotlar to`g`ridan-to`g`ri qo`mitaning markaziy serveriga kelib tushadi.

O`tgan davr ichida foydalanuvchilarning ma`lumotga bo`lgan ehtiyojini qondirish maqsadida,  8 ta xalqaro tashkilot va 11 ta mamlakat statistika idoralari ma`lumotlar bazalari tarkibi va ularning bu boradagi tajribalari yaqindan o`rganib chiqildi. Milliy va xorijiy foydalanuvchilar o`rtasida Internet orqali doimiy tarzda so`rovlar o`tkazish amaliyoti yo`lga qo`yilgan.

Axborotda ta`kidlanganidek, yana bir muhim masala – O`zbekiston Respublikasining Ochiq ma`lumotlar portalini takomillashtirish, undagi ma`lumotlar to`plamlarini sonini kengaytirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Jumladan, joriy yil boshida Ochiq ma`lumotlar portalida e`lon qilingan ma`lumotlar to`plamlari soni 4000 atrofida bo`lgan bo`lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 7000 dan ziyodga oshirildi.  Portalda  142 ta vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimiyatlar o`z ma`lumotlarini joylashtirib borishi ta`minlanmoqda.

Shuningdek, O`zbekistonda birinchi marta shu yilning dekabr oyida “Open Data Week Uzbekistan - 2019” ochiq ma`lumotlar haftaligi hamda “Open Data Day 2019” ochiq ma`lumotlar kuni o`tkazildi. O`zbekiston Respublikasida ochiq ma`lumotlar sohasini yanada rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida “Open data Inception” reytingining ma`lumotiga ko`ra, O`zbekiston
52 ta ochiq ma`lumotlar manbalari bilan ochiq ma`lumotlar manbalari soni mavjudligi reytingida jahon mamlakatlari ichida birinchi o`ntalikdan o`rin egalladi.

Qo`mita tomonidan MDH Statistika qo`mitasi, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMT Taraqqiyot dasturi, YUNISEF, YUNFPA, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Xalkaro valyuta jamg`armasi bilan yaqin hamkorlik aloqalari o`rnatilgan. Shuningdek, 12 ta halqaro moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlar bilan axborot almashinuvi yo`lga qo`yilib, ularning maxsus 28 turdagi savolnomalari asosida statistik ma`lumotlarni o`z muddatida yetkazilishi ta`minlanmoqda.

Tadbir davomida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro`yxatga olishni o`tkazish kontseptsiyasi” to`g`risidagi farmonida belgilangan vazifalar ijrosidan kelib chiqib amalga oshirilgan ishlar hamda qo`mita tomonidan ishlab chiqilgan “Aholini ro`yxatga olish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi borasida ma`lumotlar taqdim etildi.

Prezident farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati, unda belgilab berilgangan vazifalarning ijrosini ta`minlash maqsadida, keng jamoatchilik o`rtasida targ`ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. O`tgan davrda ommaviy axborot vositalarida 530 mingdan ziyod chiqishlar tashkil etildi, gazeta va jurnallarda 381 ta maqola chop etildi, respublika bo`yicha umumiy hisobda 6 mingdan ziyod tadbirlar, uchrashuvlar joyiga chiqqan holda ya`ni, ta`lim va sog`liqni saqlash muassasalari hamda mahalla yig`inlarida tashkil etilganligi ta`kidlandi.

Matbuot anjumani so`nggida mavzu yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga Davlat statistikasi qo`mitasi xodimlari tomonidan batafsil javob berildi.

Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech