2019-yil 20-dekabr kuni Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasida davlat organlari va Loyiha boshqaruvi milliy agentligi vakillari uchun "Ma'lumotlar boshqaruvini rivojlantirish" mavzusida seminar bo'lib o'tdi.
Seminar O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminarning birinchi qismida ma'lumotlar bilan bog'liq muammolar va ularni hal etish, ma'lumotlar sifati bo‘yicha ishlash, ma'lumotlar uchun yagona talablarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Seminarning ikkinchi qismida davlat ma'lumotlarini boshqarish tizimi konsepsiyasi, davlat ma'lumotlarini boshqarish tizimini amalga oshirishning yo'l xaritasi va "Raqamli O'zbekiston – 2030" Milliy strategiyasi konsepsiyasi bo'yicha maslahatlar o'tkazildi.
Seminarda Jahon banki guruhida ma'lumotlar siyosati va strategiyasi, ilg'or texnologiyalar va raqamli platformalar bo'yicha ishlaydigan ekspert Prasanna Lal Das, shuningdek, davlat boshqaruvini o'zgartirish va ma'lumotlarni boshqarish bo'yicha mutaxassis Ivan Fost so‘zga chiqib mavzu bo‘yicha fikr bildirdi. Bundan tashqari ishtirokchilar Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi tahliliy markazi asosida milliy ma'lumotlar boshqarish tizimini yaratish tajribasi bilan tanishdi.
Axborot xizmati