Joriy yilning 12-mart kuni Davlat statistika qo‘mitasida shu yil 2–6-mart kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohida bo`lib o`tgan rasmiy statistika bo‘yicha BMTga a'zo mamlakatlar statistika organlari rahbarlari ishtirokidagi Xalqaro Forum hamda BMT statistika komissiyasining 51-sessiyasi yakunlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimot davomida Axborotlarni tarqatish, xalqaro hamkorlik va axborot almashuv boshqarmasi boshlig`i Odiljon Mamadaliyev “Ma'lumotlarni boshqarish – rasmiy statistika muammolarining yechimi” mavzusida tashkil etilgan milliy statistika idoralari Forumida muhokama qilingan ma'lumotlar masalasida hamkorlik, axborot almashinuvi va axborot xavfsizligi muammolari, ma'lumotlar asrida statistika idoralarining o‘rni va mas'uliyati, yangicha yondashuv va sohani rivojlantirishdagi asosiy yo`nalishlarga to`xtalib o`tdi.
Shuningdek, BMT Statistika komissiyasining 51-sessiyasi 4 ish kuni davomida o‘tkazilgani takidlanib, ushbu sessiyada xalqaro taqqoslash dasturi, ekologik-iqtisodiy hisoblar, qishloq xo‘jaligi statistikasi, demografiya statistikasi, aholining tabiiy harakati statistikasi, sog‘liqni saqlash statistikasi, gender statistikasi, qochoqlar statistikasi, davlat boshqaruvi statistikasi yo‘nalishlari hamda hududiy statistikani rivojlantirish, rasmiy statistika prinsiplari va statistika tizimlarining boshqaruvi masalalarida ilg‘or tajribalar va so‘nggi yangiliklar bo‘yicha ma'lumotlar berildi.
Tadbir yakunida mavzu yuzassidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Davlat statistika qo‘mitasi raisi boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi BMT statistika komissiyasining 51-sessiyasida ishtirok etgani xabar qilingan edi.
Axborot xizmati