05/03/2020

Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi va BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistonda raqamli rivojlanish va innovatsiyalarni joriy etish sohasidagi hamkorlik natijalari bo'yicha yig'ilish bo'lib o'tdi.

Unda Toshkent shahar hokimligi, Davlat statistika qo‘mitasi,  davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar "Raqamli Toshkent" transformatsiya konsepsiyasini ishlab chiqish, aholiga zamonaviy AKTdan foydalanishga keng shart-sharoit yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda bu borada Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi tomonidan berilayotgan moliyaviy ko'mak to‘g‘risida batafsil to‘xtalib otdi.

Ishtirokchilar yangi innovatsion loyihalar bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi. "Maxsustrans" DUK bilan birgalikda atrof-muhit tozaligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan yangi tajriba namoyish qilindi. Bu loyiha eksperiment tarzda poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi mahallalarda sinab ko‘rilib, axlat uchun rangli konteynerlar joriy etildi hamda qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqishning maxsus jadvali yo'lga qo'yildi.

Tadbir davomida ijtimoiy uy-joy xizmatlarini raqamli ravishda o'zgartirish, fuqarolarning dolzarb, ijtimoiy ahamiyatga molik masalalari uchun "Mening ovozim" portalini ishga tushirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Bunday tadbirlar O'zbekiston Respublikasida ochiq ma'lumotlar ekotizimini barqaror rivojlantirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari o'zaro hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuv iliq va do'stona ruhda bo’lib o'tdi.

Axborot xizmati