Joriy yilning 2–6-mart kunlari Davlat statistika qo‘mitasi Raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shahrida joylashgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida rasmiy statistika bo‘yicha BMTga a'zo mamlakatlar statistika organlari rahbarlari ishtirokidagi xalqaro forum hamda BMT statistika komissiyasining 51-sessiyasida qatnashmoqda.
BMTning statistika komissiyasi 1947-yilda tashkil etilgan va BMTning iqtisodiy va ijtimoiy Kengashining funksional organi bo'lib, Kengashga milliy tizimlarni rivojlantirish, milliy statistikaning taqqoslanishini oshirish, BMTning ixtisoslashgan idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish, ko'rsatkichlar va metodologiyani takomillashtirishda yordam beradi.
Rasmiy statistika bo‘yicha BMTga a'zo mamlakatlar statistika organlari rahbarlari ishtirokidagi xalqaro forumi hamda BMT statistika komissiyasining 51-sessiyasida 200 ga yaqin davlatdan statistika idoralari rahbar va xodimlari hamda 30 ga yaqin xalqaro tashkilotlardan ekspertlar qatnashmoqda.
Mazkur forum ma'lumotlarni boshqarish konsepsiyasi va milliy statistika xizmatlarining faoliyatiga bag‘ishlangan.
51-sessiya davomida idoralararo hisobotlar bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tadi. Unda Barqaror rivojlanish maqsadlari ko‘rsatkichlari bo‘yicha ekspertlar ishchi guruhi, “Barqaror rivojlanish – 2030” kun tartibini amalga oshirish uchun statistik salohiyatni muvofiqlashtirish va kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Statistika komissiyasi boshchiligidagi guruhlarning tarkibi va vazifalari ko‘rib chiqilib, rasmiy statistikaning asosiy tamoyillarini amalga oshirish bo‘yicha Byuroning hisoboti tinglanadi. Shuningdek, forum doirasida yuqori darajadagi hamkorlik uchrashuvlari o‘tkaziladi.
Mazkur tashrif davomida Davlat statistika qo‘mitasi Raisi Begalov Bahodir Abdusalomovichning qator statistika idoralari rahbarlari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan yuqori darajadagi hamkorlik uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur sessiya ishi davomida o‘rtoqlashiladigan statistika sohasidagi eng so‘nggi yutuqlar, tavsiyalar, ilg‘or xalqaro tajribalar hamda qo‘mita Raisining uchrashuvlari va 51-sessiyada ko‘targan masalalar, umuman, rasmiy tashrif yakuniga oid ma'lumotlar bilan batafsil tanishtirib boramiz.
Davlat statistika qo‘mitasi Axborot xizmati