04/03/2020

Joriy yilning 3-mart kuni Farg‘ona viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bo‘yicha tadbir o‘tkazildi.

Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda 2022-yilda aholini ro‘yxatga olish ishlariga tayyorgarlik korish, bu jarayonda foydalanish uchun zarur bo‘ladigan kartografik materiallarning tayyorlanish holatini o‘rganish kabi masalalar yuzasidan fikr-mulohaza bildirildi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, Davlat statistika qo‘mitasining masʼul xodimlari, viloyat statistika boshqarmasi rahbariyati, viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi boshlig‘i, shahar, tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlari hamda mahalla faollari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida viloyatdagi mavjud barcha shahar va tuman xaritalari hamda mahalla va qishloq aholi punktlarining chizma rejalarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, tayyorlanadigan xaritalarda mavjud mahalla fuqarolar yig‘inlari va qishloq aholi punktlarining chegarasini aniq ko‘rsatish, ularning chizma rejalarini qog‘oz va elektron shaklda tayyorlash, ko‘cha nomlari, ko‘p qavatli uylar va hovlilar, turar, noturar joylar maxsus belgilar bilan ajratish kerakligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida viloyatda 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan komissiya aʼzolariga tegishli topshiriqlar berildi.

Axborot xizmati