Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida hududlarda kambag‘allikni kamaytirish bunda aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator chora-tadbirlar haqida alohida to‘xtalib o‘tgan edi.
Hozirda aholi o‘rtasida xalqaro me'yorlar asosida chuqur o‘rganishlar o‘tkazish, kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash uslublari bo‘yicha metodikalar ishlab chiqilmoqda. Turli vazirlik va idora rahbarlari hududlarga chiqqan holda, mahallalarning yuqoridagi masalalar yuzasidan tegishli ma'lumotlar bazasini tayyorlamoqda.
Joriy yilning 22-fevral kuni Davlat statistika qo‘mitasi Raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi mahallalarga chiqib, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, voyaga yetmaganlar, yoshlar, pensionerlar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan oilalar, nogironlik nafaqasi oluvchilar va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazdi.
O‘rganishlar davomida aholiga tadbirkorlikni tashkil etish, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Axborot xizmati