20/02/2020

Joriy yilning 20-fevral kuni Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim va sog'liqni saqlash masalalari qo'mitasida “Aholini ro'yxatga olish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining qonuni muhokamasi yuzasidan yig'ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda aholini ro'yxatga olish, aholi sonini ishonchli hisoblash, shuningdek, aniq belgilab qo'yilgan yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma'lumoti darajasi, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy va iqtisodiy ko‘rsatkichlarini aniqlashga oid jihatlar qonunda aks ettirilishi muhokama qilindi. Yig'ilishda ishtirok etgan Senat a'zolari va ekspertlar qonunning qabul qilinishi aholi tarkibidagi global o'zgarishlarni baholash imkonini berishini ta’kidladi.

Mazkur qonun aholi salomatligini mustahkamlash, ayollar va bolalar ahvolini yaxshilash va oilalarga yordam ko'rsatish bo'yicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqishda me'yoriy-huquqiy asos bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, “Aholini ro'yxatga olish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining qonuni 28-fevralda bo‘lib o‘tadigan yalpi yig‘ilish kun tartibiga kiritildi.

Axborot xizmati