20/02/2020

Joriy yilning 20-fevral kuni Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabalari o‘rtasida “Mamlakatimizning muhim ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari hamda statistik ma'lumotlarning ochiqligi” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati rahbariyati, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti o‘qituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ochiq muloqotda mavzu yuzasidan batafsil ma'lumot berildi. Jumladan, 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmi joriy narxlarda 511,8 trln. so‘mni tashkil etgani va 2018-yil bilan taqqoslaganda 5,6 % ga o‘sgani ta'kidlandi.

Shuningdek, 2019-yil yanvar–dekabr oylarida iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari indeksi, ya'ni inflyasiya darajasi 15,2 % ni tashkil etgani, Respublika korxonalari tomonidan 331,0 trln. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgani bo‘yicha ma’lumot berildi.

Ochiq muloqotda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonida ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.

Ilmiy izlanish olib borayotgan talabalar tomonidan Davlat statistika qo‘mitasi rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida muhim statistik ko‘rsatkichlarning muntazam ravishda e’lon qilinayotgani  alohida e’tirof etildi.

Ochiq muloqot so‘nggida OAV vakillari hamda talabalarning statistik ma’lumotlarni shakllantirishda xalqaro tashkilotlar tomonidan beriladigan taklif va qo‘llanmalarning ahamiyati, iste’mol savatchasi tarkibi, statistik hisobotlarni soddalashtirish chora-tadbirlari, Estat 3.0 dasturining veb versiyasini yaratish va boshqa sohaga oid savollariga qo‘mita boshqarma boshliqlari tomonidan atroflicha javob berildi.

Axborot xizmati