20/02/2020

2019-yil avgust oyida Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan xalq ta'limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari, hokimlar va boshqa rahbarlar maktablarga borib, o‘quvchilarga saboq berishi aytilgan edi. Davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusini amalga oshirish maqsadida mutasaddi rahbarlar ta'lim muassasalariga borib, ochiq darslar tashkil etib kelmoqda.

2020-yil 20-fevral kuni Davlat statistika qo‘mitasi Raisi Begalov Bahodir Abdusalomovichning navbatdagi uchrashuvi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 142-maktab o‘quvchilari bilan tashkil etildi.

Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan mazkur darsda Bahodir Begalov 2020-yilning “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilingani, so‘nggi yillarda ta'lim-tarbiyadagi islohotlar o‘qitishni sifat va mazmun jihatdan yanada yaxshilash, bolalarga puxta va mukammal bilim berish, ularni milliy an'ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadlarga qaratilayotgani borasida so‘z yuritdi.

O‘quvchilarga Vatanni sevish, uning tinchligini asrab-avaylash, taraqqiyotga hissa qo‘shish har bir farzandning burchiga aylanishi, asosiysi, bu niyat va maqsadlarga erishish yo‘lida yoshlar kuchli bilimga ega bo‘lishi, odob-axloq, tarbiya bilan kamolga yetishi zarurligini alohida ta'kidladi.

Shundan so‘ng, milliy statistika sohasida olib borilayotgan ochiqlik siyosati, statistika axborotlarining haqqoniyligi va shaffofligini ta'minlash to‘g‘risida o‘quvchilarga tushunchalar berildi. Mamlakat iqtisodiyotini shakllantirish, bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib, o‘quvchilarga hayotiy misollar keltirildi.

Ochiq darsda o‘quvchilarning qiziqtirgan savollariga Davlat statistika qo‘mitasi Raisi atroflicha javob berdi.

Axborot xizmati