13/02/2020

Joriy yil 13-fevral kuni Samarqand shahridagi Nodir Samarqand mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Samarqand statistika boshqarmasi, Jahon banki, “Nazar business and technology” mas'ulyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etilgan seminarda Jizzax va Samarqand hududiy boshqarmalarining turmush darajasi va uy xo‘jaliklari kuzatuvlari bo‘limi boshliqlari hamda barcha intervyuerlar ishtirok etdi.

Mazkur tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad qarorda belgilangan islohotlarni amaliyotga keng joriy etish, yurtimiz aholisining turmush darajasi va farovonligini o‘rganish, shu bilan birga uy xo‘jaliklarida tanlama kuzatuvlar o‘tkazishni xalqaro standartlarga moslashtirishdir.

Seminarda 2020-yil davomida sinov tariqasida uy xo‘jaliklari tanlama kuzatuvlarini elektron qurilma (planshet)lar yordamida o‘tkazish va buning qulayliklarini aholiga yetkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi. Soha mutaxassislari tadbiq etilayotgan yangi texnologiya va yo‘nalishlarning nazariy va amaliy jihatlari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir so‘nggida Jahon banki tomonidan statistika boshqarmalarining Turmush darajasi statistikasi va uy xo‘jaliklari kuzatuvlari bo‘limi boshliqlari hamda intervyuerlarga elektron qurilma (planshet)lar taqdim etildi.

Axborot xizmati