2020-yil 27–31-yanvar kunlari Ozarbayjonning Baku shahrida aholini ro‘yxatga olish sohasida Ozarbayjon Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tajribasini o‘rganish bo‘yicha uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuv BMTning Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi Demografiya va mehnat statistikasi boshqarmasidan Q.Berdiqulov, Z.Yuldoshyev va T.Sidikov, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va interaktiv davlat xizmatlari boshqarmasidan Sh.Odilov hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi vakili S.Kamilov ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida aholini ro‘yxatga olishning uslubiy va huquqiy normativ hujjatlarini ishlab chiqish, aholini ro‘yxatga olish dasturini tuzish, sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tartibi, ma’lumotlarni yig‘ish, ularni qayta ishlash bo‘yicha dasturiy ta’minot bilan ta’minlash kabi qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvning Davlat statistika qo‘mitasi uchun muhim ahamiyati shundaki, mamlakatimizda 2022-yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish tadbirini tashkil etishda MDH davlatlari, jumladan, Ozarbayjon Respublikasi ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Axborot xizmati