25/01/2020

2020-yilning 20–23-yanvar kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida elektron chiqindilar statistikasi bo‘yicha trening bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasidan Qishloq xo‘jaligi va ekologiya statistikasi boshqarmasi bosh mutaxassisi Nigora Dexkanova ishtirok etdi.

Ushbu tadbirda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarining statistika xizmatlari hamda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tashkilotlari vakillari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Universiteti, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi, Germaniya Federatsiyasining atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Statistika bo‘limi ekspertlari ishtirok etishdi.

Mazkur trening hisobot va ko‘rsatkichlar klassifikatsiyasi bo‘yicha qo‘llanmani o‘rganishga yo‘naltirildi. Trening asosida elektron chiqindilar statistikasi bilan bog‘liq imkoniyatlarni mustahkamlash bo‘yicha muayyan talablar o‘rganib chiqildi. Shuningdek, xalqaro ma'lumotlar bilan solishtirish va milliy darajadagi siyosatni ishlab chiqish uchun elektron chiqindilar bo‘yicha statistik ma'lumotlarni tayyorlashda mamlakatlarga ko‘maklashish uchun imkoniyatlar mavjudligiga e'tibor qaratildi.

Axborot xizmati