BMTning “Elektron hukumat kuzatuvi 2020”da “Ochiq davlat ma'lumotlari indeksi” bo‘yicha O‘zbekiston eng yuqori (Very High OGDI) ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan jahonning 41 ta mamlakati orasidan joy oldi. Jami ushbu indeksda 193 ta mamlakat baholangan hamda O‘zbekiston eng yuqori ball to‘play olgan.
“Elektron hukumat kuzatuvi” Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqtisodiy va ijtimoiy ishlar departamenti tomonidan har ikki yilda bir marta e'lon qilinadi. Bu BMTga a'zo barcha davlatlarning elektron hukumatining rivojlanish darajasini baholaydigan yagona global hisobot.
https://publicadministration.un.org/en/Research/UN-e-Government-Surveys
O‘zbekistonning ushbu reytingda bunday natijalarga erisha olishi uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 9- apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4273-son hamda 2020- yil 28- apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4699-son qarorlari mustahkam zamin yaratib berdi. Shuningdek, Davlat statistika qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda mamlakatdagi barcha vazirlik, idoralar va mahalliy hokimiyat organlarining o‘z ma'lumotlarini ochiqligini va shaffofligini ta'minlash hamda ularni O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portaliga data.gov.uz joylashtirib borishi, shu bilan birga, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori, Jahon banki, BMT taraqqiyot dasturi ham o‘zlarining moliyaviy, texnik va ekspert yordamlari bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarning natijasidir.
Axborot xizmati