06/07/2020

Bozorlardagi narx-navo kuzatuvlari o‘rganildi

Davlat statistika qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bohodir Mirusmanov joriy yilning 3–4- iyul kunlari Toshkent viloyatining qator tuman va shaharlaridagi statistika idoralari faoliyati hamda bozorlardagi narx-navo kuzatuvlarini o‘rgandi.

Raisning birinchi o‘rinbosari Toshkent, Zangiota, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlari hamda Yangiyo‘l shahrida xizmat ko‘rsatish sohasida ish yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyati bilan tanishdi.

Shuningdek, planshetlar yordamida o‘tkazilayotgan narx-navo kuzatuvlarini sifatli va ma'lumotlarning haqqoniyligini o‘rganish maqsadida ishchi guruh tuzilib, nazorat tartibida viloyatdagi yirik savdo majmualari va bozorlarda monitoring amalga oshirildi.

Tashrif davomida tuman statistika bo‘limlarining ish faoliyati ham o‘rganilib, ularning samarali tashkil etilishi yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

***

Statistik hisobotlarning qabul qilinishi yuzasidan qo‘shimcha tavsiyalar berildi

Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Agzam Ikramov Prezident va hukumat qaror-farmonlarining ijrosini, hududiy statistika idoralari faoliyati hamda pandemiya sharoitida statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish holatini o‘rganish maqsadida, shu yilning 3-4- iyul kunlari Samarqand viloyatida xizmat safarida bo‘ldi.

Ikramov xizmat safari davomida Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo va Samarqand tumanlari statistika bo‘limlarida bo‘lib, 2020- yil uchun Davlat statistika ishlari dasturi bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida bajarilgan ishlar holatini o‘rgandi. Yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar berildi.

Xizmat safari mobaynida qurilish, savdo, sanoat, investitsiyalar, qishloq, baliq va o‘rmon xo‘jaligiga oid statistik hisobotlarning qabul qilish va statistik ma'lumotlarni shakllantirishda samarali usullarni qo‘llash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, pandemiya sharoitida statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish holati o‘rganildi. Bu borada statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirishda xalqaro tavsiyalarga asoslangan samarali usullarni joriy etish bo‘yicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.

***

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish holati o‘rganildi

Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Maxmudjon Ziyadullayev shu yilning 3–4- iyul kunlari Sirdaryo viloyatida xizmat safarida bo‘ldi.

Xizmat safari davomida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish holati hamda xizmatlar sohasidagi yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini o‘rgandi.

Shuningdek, uy xo‘jaliklarida planshetlar yordamida o‘tkazilgan kuzatuvlar hamda ularning natijalari ko‘rib chiqilib, yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Jumladan, kuzatuv natijalari bo‘yicha uy xo‘jaliklarida aholi daromadlari va xarajatlarini o‘rganishda hamda ma'lumotlarni shakllantirishda e'tibor qaratilishi lozim bo‘lgan asosiy omillar bo‘yicha tegishli taklif, topshiriqlar berildi.

Tashrif davomida Sardoba, Mirzaobod, Oqoltin va Guliston tumanlarida xizmatlar sohasidagi yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan kuzatuvlarda ishtirok etib, ularning faoliyatlari bilan tanishib, maslahatlar berildi. Shuningdek, Baxt, Sardoba, Sirdaryo tuman dehqon bozorlarida meva-sabzovotlar narxlari o‘rganildi.

Tashrif davomida “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan vazifalarning ijrosi, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

***

Zamonaviy AKT imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 3–4- iyul kunlari Davlat statistika qoʼmitasi raisi oʼrinbosari Zoxidjan Ziyaev xizmat safari yuzasidan Qashqadaryo viloyati statistika boshqarmasida boʼldi.

Rais oʼrinbosari xizmat safari davomida joriy yilning 1- iyun kuni Davlatimiz rahbari boshchiligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlariga bagʼishlangan statistika tizimini yanada rivojlantirish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi boʼyicha hududiy boʼlinmalarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib chiqdi.

Shuningdek, viloyat statistika boshqarmasi, tuman va shahar statistika boʼlimlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanish holati, mavjud muammolarni oʼrganib, ularni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Qashqadaryo viloyatiga qilingan ikki kunlik xizmat safari davomida axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini belgilangan standartlarga muvofiq tashkil etish va planshetlar yordamida oʼtkazilayotgan statistik kuzatuvlarni toʼgʼri va samarali tashkil etish yuzasidan tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.

Axborot xizmati

 

 
Tugmani bosing Tinglash GSpeech