Joriy yil 16-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xizmat ko‘rsatish va xizmatlar sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha topshiriq berilgan edi.
Ushbu yig‘ilishda davlatimiz rahbari xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish orqali aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosini ta'minlash maqsadida, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan statistika sohasida turli chora-tadbirlarni bajarish borasida sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 18-26 iyun kunlari Davlat statistika qo‘mitasi Raisi boshchiligida tuzilgan ishchi guruh Toshkent viloyatining Bekobod tumanida xizmat ko‘rsatish sohasida ish yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar (jismoniy shaxslar) faoliyati bo‘yicha yalpi kuzatuv o‘tkazdi.
Kuzatuv jarayonida tumandagi mavjud 48 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida joylashgan 743 ta xizmat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar (jismoniy shaxslar) faoliyati o‘rganildi. Tumanda mazkur yakka tartibdagi tadbirkorlar (jismoniy shaxslar) tomonidan aholiga 30 ga yaqin xizmat turlari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilayotgani ma'lum bo‘ldi.
Kuzatuv natijalaridan kelib chiqib, kelgusida aholiga xizmat ko‘rsatuvchi jismoniy shaxslar faoliyatini statistik baholash tizimini yanada takomillashtirish uchun bir qator vazifalar belgilab olindi.
Ma'lumot o‘rnida aytish lozimki, 2019- yil yanvar-dekabr oylari yakunlariga ko‘ra, mamlakatimizda xizmatlar sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 35,5 % ni tashkil etgan.
Axborot xizmati