11/08/2020

Joriy yilning 10- avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining Malayziyadagi diplomatik konsulligi ko‘magida, Davlat statistika qo‘mitasi va Malayziya statistika departamenti o‘rtasida videomuloqot bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4796 sonli qarori doirasida tashkil etilgan bo‘lib, tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi hamda Malayziya statistika departamenti rahbariyati va mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasining Malayziyadagi favqulotda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov ochib berdi.

Shuningdek, Davlat statistika qo‘mitasi Raisi Begalov Baxodir Abdusalomovich statistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4796 sonli qarori bilan qatnashuvchilarni tanishtirib o‘tdi.

Videomuloqot davomida, Malayziya statistika departamenti direktori, doktor Moxd Uzir Maxidin O‘zbekiston Respublikasinig Milliy statistika tizimini takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi. 

Tomonlar “Kuzatilmaydigan (yashirin) iqtisodiyot”ni statistik baholashda Malayziyaning ilg'or tajribasini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma vebinarlarni tashkil etish orqali ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi.

Shuningdek, tomonlar ishlab chiqarish jarayonida AKTlarning ilg‘or imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha Malayziya tajribasini o‘rganish maqsadida, Malayziya statistika departamentining mas'ul xodimlarini jalb etgan holda, Davlat statistika qo‘mitasi xodimlari bilan tajriba almashish vebinarlarini tashkil etishga kelishib olindi.

Tadbir yakunida, tomonlar statistika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va Malayziya statistika departamenti o‘rtasida, o‘zaro anglashuv va hamkorlik Memorandumini imzolash masalasini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar. 

 

Axborot xizmati

 

 

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech