04/08/2020

Joriy yilning 4-avgust kuni Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislarining Jahon banki eksperti bilan videomuloqoti bo‘lib o‘tdi.


Videomuloqotda, mamlakatda “kuzatilmaydigan (yashirin) iqtisodiyot”ni statistik baholash va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda yanada to‘liqroq aks ettirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan bu boradagi jahon tajribasi o‘rganilayotganligi, shuningdek, hozirgi kunda O‘zbekistonda “kuzatilmaydigan (yashirin) iqtisodiyot”ni statistik baholash bo‘yicha amaldagi tajriba yuzasidan ma'lumot berildi.

Shuningdek, “kuzatilmaydigan (yashirin) iqtisodiyot”ning tarkibiy qismlari, yashirin iqtisodiyotni baholash usullari hamda yashirin iqtisodiy faoliyatni statistik baholash amaliyoti yuzasidan fikr almashildi.

O‘z navbatida, Jahon banki eksperti Uilyam Xatchins Zeyts tomonidan “yashirin iqtisodiyot”ni baholash bo‘yicha ishlarni tashkil etishda alohida e'tibor qaratilishi zarur bo‘lgan masalalar, bu boradagi jahon tajribasi va xalqaro tashkilotlar tavsiyalari bo‘yicha ma'lumot berildi.

Muzokara yakuniga ko‘ra, Jahon banki tomonidan mamlakatda “kuzatilmaydigan iqtisodiyot”ni baholash borasida ishlarni tashkil etishda, Davlat statistika qo‘mitasiga zarur texnik va ekspert ko‘maklarini ko‘rsatish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. 

 

Axborot xizmati

 

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech