Joriy yilning 24 yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida mamlakatdagi kambag‘allik darajasi haqida fikr-mulohaza yuritgan edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi va topshiriqlari bilan yurtimizda kambag‘allik darajasini aniqlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayapti.
Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-apreldagi hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida qator topshiriqlar berildi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan maqsadli va manzilli chora-tadbirlar bajarilayapti.
Kambag‘allik darajasini o‘rganish bo‘yicha kuzatuvlar Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida sinov tariqasida o‘tkazilmoqda. Shu yil 23- iyun kuni tashkil etilgan kuzatuvlarda Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ziyadullayev Maxmudjon Djurakulovich ham qatnashdi.
Kuzatuvlar davomida Davlat statistika qo‘mitasi hamda Toshkent viloyat statistika boshqarmasi xodimlari tomonidan aholiga so‘rovnomalarni xato va kamchiliklarsiz to‘ldirish bo‘yicha ma'lumotlar berildi.
Belgilangan topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida Davlat statistika qo‘mitasining Demografiya va mehnat statistikasi boshqarmasi va Toshkent viloyati statistika boshqarmasi rahbarlari hamkorlikda Yuqori Chirchiqda o’tkazilayotgan kambag‘allik darajasini o‘rganish bo‘yicha kuzatuv jarayoni va natijalarini nazorat qilib bormoqda.
Kuzatuv natijalari bo’yicha yakuniy ma’lumotlar bilan tanishtirib boramiz.
Axborot xizmati