19/06/2020

2020-yilning 19- iyun kuni Davlat statistika qo‘mitasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida navbatdagi videokonferensiya o‘tkazildi.

Mamlakatimizning turli hududlaridan onlayn ulangan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalarga Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan navbatdagi vebinar tashkil qilindi.

Videokonferensiyada Davlat statistika qo‘mitasi Qishloq xo`jaligi va ekologiya statistikasi boshqarmasi boshligʼi G'ulomov Shavkat Abdurahmonovich “O‘zbekiston Respublikasida qishloq xoʼjaligi faoliyatini ifodalovchi statistik koʼrsatkichlar” mavzusi bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Ma'ruzachining qayd etishicha, 2020- yilning yanvar–mart oylarida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulot(xizmat)larining umumiy hajmi 25,2 trln. so‘mni yoki 2019–yilning mos davriga nisbatan 103,9 % ni, shu jumladan, dehqonchilik va chorvachilik, ovchilik va ushbu sohalarda ko‘rsatilgan xizmatlar – 23,7 trln. so‘mni (103,9%), o‘rmon xo‘jaligi – 1,3 trln. so‘mni (101,8%), baliq xo‘jaligi – 0,2 trln. so‘mni (117,8%) tashkil qildi. YaIM tarkibida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining ulushi 14,8 % ni tashkil etdi. Mazkur tarmoqning YaIM mutloq o‘sish sur‘atiga ta‘siri 0,5 f.p. ni tashkil etdi.

2020- yilning yanvar-mart yakunlariga ko’ra, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulot (xizmat)lari umumiy hajmining 93,7%i – dehqonchilik va chorvachilik, ovchilik va ushbu sohalarda ko‘rsatilgan xizmatlar, 5,3 %i – o‘rmon xo‘jaligi,1,0 %i – baliq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi.

2020- yilning yanvar–mart oylarida, hududlar kesimida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulot (xizmat)larining eng yuqori hajmi Samarqand (3406 mlrd. so‘m) va Toshkent (3325 mlrd. so‘m) viloyatlarida qayd etildi. Aksincha kam hajmga ega hududlarga Sirdaryo viloyati (811mlrd.  so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (829 mlrd. so‘m) va Navoiy viloyatini (1378 mlrd. so‘m) keltirib o‘tish mumkin.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari mavzu yuzasidan savollar berishdi. Savollarga qo‘mita mutaxassislari atroflicha javob berdi.

Bugungi pandemiya sharoitida hamda mamlakatimizning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratayotgan e'tiborini inobatga olgan holda tashkil etilayotgan mazkur vebinar muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar uchun bu kabi amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan onlayn uchrashuvlar doimiy o‘tkazib kelinmoqda.

Mazkur videokonferensiyaning to‘liq tavsilotlarini qo‘mitaning “Youtube”dagi rasmiy sahifasida kuzatishingiz mumkin.

Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech