2020- yilning 17- iyun kuni Davlat statistika qo‘mitasi Xizmatlar sohasi statistikasi boshqarmasi tomonidan “Xizmatlar sohasi statistikasini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida navbatdagi vebinar tashkil etildi.
Ushbu onlayn o‘quv seminarini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – joriy yil 1- iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari boʻyicha o‘tkazilgan yigʻilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan.
Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati va hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdi. Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori Bahodir G‘oyibnazarov hamda qo‘mitaning Xizmatlar sohasi statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Akmal Umarov mavzu yuzasidan atroflicha ma'lumot berdi.
Xususan, ma’ruzachilar xizmatlar sohasi statistikasiga oid atamalar, ishlab chiqarilgan (ko‘rsatilgan) xizmatlar hajmini xizmat turlari kesimida, solishtirma narxlardagi o‘sish sur'atlarini hisoblash usullari haqida ma'lumot berdi.
Shuningdek, kichik biznes subyektlari va jismoniy shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan (ko‘rsatilgan) xizmatlar hajmini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlanma kuzatuvlar natijalari asosida oylik baholash ishlarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Onlayn seminarda hududiy statistika boshqarmalari xodimlariga mavzu yuzasidan qo‘mita mutaxassislari tomonidan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan taklif va tavsiyalar berildi.
Bunday amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan onlayn o‘quv seminarlarini o‘tkazish davom ettiriladi.
Axborot xizmati