Joriy yil 1- iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan statistika tizimini takomillashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish yuzasidan qator topshiriqlar berilgan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida Davlat statistika qo‘mitasi tizimidagi kadrlarning kasbiy bilim va salohiyatini boyitish, bugungi pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramay, onlayn o‘quv-seminarlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2020-yil 16-iyun kuni Davlat statistika qo‘mitasida o‘tkazilgan navbatdagi videoseminar “Narxlar statistikasi ko‘rsatkichlarini shakllantirish tamoyillari” mavzusiga bag‘ishlandi. Narxlar statistikasi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda qo‘mita rahbariyati va hududiy statistika boshqarmalari vakillari qatnashdi.
Videoseminarda Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori Bahodir G‘oyibnazarov hamda qo‘mitaning Narxlar statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Umarov mavzu yuzasidan atroflicha ma'lumot berdi.
Jumladan, ma’ruzachilar narxlar statistikasiga oid atamalar, iste'mol narxlari indekslarini hisoblash usullari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Narxlar statistikasi boshqarmasi boshlig‘i M.Umarov ishlab chiqarish narxlari indekslari, jumladan, sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulot narxi, qurilish korxonalari tomonidan xarid qilinadigan mahsulotlar narxi, transport va aloqa korxonalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar narxi hamda eksport-import va uy-joy bozoridagi narxlarni hisoblash usullari bo‘yicha atroflicha ma'lumot berdi.
Seminarda hududiy statistika boshqarmalari xodimlariga qo‘mita mutaxassislari tomonidan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan taklif va tavsiyalar berildi.
Axborot xizmati