12/06/2020

Joriy yil 12- iyun kuni Davlat statistika qo‘mitasida “Tashqi va ichki savdo sohasidagi statistik tanlanma kuzatuv ma’lumotlarini shakllantirish istiqbollari” mavzusida videoseminar o‘tkazildi. Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda qo‘mita rahbariyati va hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdi.

Videoseminar avvalida ishtirokchilar 2020- yilning 1- iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan statistika tizimini takomillashtirish, sohada mutaxassis-kadrlar salohiyatini oshirish yuzasidan berilgan topshiriqlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori Bahodir G‘oyibnazarov, qo‘mita boshqarma boshlig'i Botir Irgashev tashqi iqtisodiy faoliyatga oid xalqaro tasniflagichlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Botir Irgashev Ichki savdo ko‘rsatkichlarini shakllantirishda kichik biznes subyektlari tomonidan amalga oshirilgan savdo hajmini baholash masalasida batafsil so‘z yuritdi. Tadbir davomida shuningdek, tashqi va ichki savdo sohasidagi statistik tanlanma kuzatuv ma'lumotlarini shakllantirish bo‘yicha ham ma’lumot berildi.

Videoseminarda ishtirokchilar sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni muhokama va tahlil qilgan holda tizimni rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi. Hududiy statistika boshqarmalari xodimlariga qo‘mita mutaxassislari tomonidan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan taklif va tavsiyalar berildi.

Bu kabi amaliy ahamiyatga ega bo’lgan videokonferensiyalar muntazam o’tkazib boriladi.

 

Axborot xizmati