11/06/2020

2020-yilning 1- iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda kadrlar masalasiga alohida to‘xtalib, statistika tizimining barcha mutaxassis kadrlarini o‘qitish, malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar bergan edi.

Shundan kelib chiqib, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan belgilangan aniq reja asosida, qo‘mita markaziy apparati va hududiy statistika idoralari xodimlarini tizimli o‘qitish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Mazkur dastur asosida joriy yilning 11-iyun kuni Davlat statistika qo‘mitasi Investitsiyalar va qurilish statistikasi boshqarmasi tomonidan “Qurilish ishlarining umumiy hajmini shakllantirish va statistik hisobini yuritish” mavzusida videokonferensiya tashkil etildi.

Unda Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati va hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori Bahodir G‘oyibnazarov, qo‘mita boshqarma boshliqlari Odiljon Mamadaliyev va Muzaffar Jamolov  mavzu yuzasidan atroflicha ma'lumot berdi.

Xususan, tadbirda qurilish statistikasiga oid atamalar, qurilish ishlarining umumiy hajmini shakllantirish va statistik hisobini yuritish bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.   

Investitsiyalar va qurilish statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Jamolov kichik biznes subyektlari va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmini aniqlash, o‘tkazilgan tanlanma kuzatuvlar natijalari asosida oylik baholash ishlarini amalga oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

Videokonferensiyada ishtirokchilar sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni muhokama va tahlil qilgan holda tizimni rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi. Hududiy statistika boshqarmalari xodimlariga qo‘mita mutaxassislari tomonidan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan taklif va tavsiyalar berildi.

Bu kabi amaliy ahamiyatga ega bo’lgan videokonferensiyalar muntazam o’tkazib boriladi.

Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech