Joriy yilning 1- iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda kadrlar masalasiga alohida to‘xtalib, statistika tizimining barcha mutaxassis kadrlarini o‘qitish, malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar bergan edi.
Shundan kelib chiqib, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan belgilangan aniq reja asosida, qo‘mita markaziy apparati va hududiy statistika idoralari xodimlarini tizimli o‘qitish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Mazkur dastur asosida joriy yilning 10-iyun kuni Davlat statistika qo‘mitasi Sanoat statistikasi boshqarmasi tomonidan “Sanoat statistikasi ko‘rsatkichlarini shakllantirish va tahlil qilish” mavzusida videokonferensiya o‘tkazildi.
Videokonferensiyada Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati va hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda, Davlat statistika qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari Ikramov Agzam Anvarjonovich sanoat statistikasiga oid atamalar, sanoat ishlab chiqarishining fizik hajmi indeksi, iste'mol tovarlarini ishlab chiqarish va mahsulotlarning texnologik turlari, hisoblash usullari bo‘yicha atroflicha ma'lumot berdi.
Shuningdek, Sanoat statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Jo‘raev Sardor Botirovich kichik biznes subyektlari va jismoniy shaxslar tomonidan ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotlari hajmini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlanma kuzatuvlar natijalari asosida oylik baholash ishlarini amalga oshirish masalalari yuzasidan to‘xtalib o‘tdi.
Videokonferensiyada qo‘mitaning Sanoat statistikasi boshqarmasi va hududiy statistika boshqarmalarining sanoat bo‘limi xodimlari sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni muhokama va tahlil qilgan holda tizimni rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi. Hududiy statistika boshqarmalari xodimlariga qo‘mita mutaxassislari tomonidan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan taklif va tavsiyalar berildi.
Hududiy statistika boshqarmalari xodimlarining mavzu bo‘yicha bergan savollariga qo‘mita vakillari batafsil javob berdi.
Bunday amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan videokonferensiyalar tizimli ravishda davom ettiriladi.
Axborot xizmati