04/06/2020

2020-yilning 4- iyun kuni Davlat statistika qo‘mitasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida navbatdagi videokonferensiya o‘tkazildi.

Mamlakatimizning turli hududlaridan onlayn ulangan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori boshchiligida professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalarga Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan vebinar tashkil qilindi.

Mazkur vebinarda Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori Bahodir G‘oyibnazarov, qo‘mita boshqarma boshliqlari Odiljon Mamadaliyev va Ma'murjon Satimov ishtirok etdi.

Videokonferensiyada Davlat statistika qo‘mitasi Ishbilarmonlik muhiti kuzatuvlari, tadbirkorlikni rivojlantirish statistikasi boshqarmasi boshligʼi Satimov Ma'murjon Allayorovich “O‘zbekiston Respublikasida kichik biznes statistikasi raqamlarini shakllantirish tartibi va tahlili” mavzusi bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Ma'ruzachining qayd etishicha, 2020-yilning yanvar-mart oylarida kichik tadbirkorlikning YaIMdagi ulushi 45,8 % ni tashkil etdi. Kichik tadbirkorlik subyektlarining soni har 1000 aholiga 13,9 birlikni tashkil qildi.

2020–yilning yanvar–martida 23,3 mingta yangi kichik korxona va mikrofirmalar (fermer va dehqon xo'jaliklarisiz) tashkil qilindi, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 23,4 foizga kam.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo’yicha eng ko'p kichik korxona va mikrofirmalar savdoda 9312 ta, sanoatda 4345 ta, qishloq, o'rmon va baliq xo'jaligida 2637 ta, qurilishda 1844 ta, yashash va ovqatlanishda 1724 ta, tashish va saqlashda 659 ta tashkil etilgan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari mavzu yuzasidan savollar berishdi. Savollarga Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori B.G‘oyibnazarov, qo‘mita boshqarma  boshligʼi Satimov Ma'murjon Allayorovich javob berishdi.

  Bugungi pandemiya sharoitida hamda mamlakatimizning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratayotgan e'tiborini inobatga olgan holda tashkil etilayotgan vebinar muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar uchun bu kabi amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan onlayn uchrashuvlar doimiy o‘tkazib kelinmoqda.

Mazkur videokonferensaloqaning to‘liq tavsilotlarini qo‘mitaning “Youtube”dagi rasmiy sahifasida kuzatishingiz mumkin.

Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech