22/05/2020

2020-yilning 22-may kuni Davlat statistika qo‘mitasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida videokonferensiya o‘tkazildi.

Respublikamizning turli hududlaridan onlayn ulangan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori boshchiligida professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalarga Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan vebinar qilindi.

Mazkur vebinarda Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori Bahodir G‘oyibnazarov, qo‘mita boshqarma boshliqlari Odiljon Mamadaliyev va Botir Irgashev ishtirok etdi.

Videokonferensiyada Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi boshlig‘i  Irgashev Botir Samarovich “Mamlakatimizda tashqi savdo ko‘rsatkichlarini shakllantirilishi va rivojlantirish tendensiyalari” mavzusi bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Ma'ruzachining qayd etishicha, 2020-yil yanvar-aprel oylari yakuni bilan respublikaning tashqi savdo aylanmasi 10 823,2 mln. AQSh dollarini tashkil etib, 2019-yilning mos davriga nisbatan 1297,1 mln. AQSh dollariga yoki 10,7 % ga kamaygan.

Tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 4 416,9 mln. AQSh dollariga (10,6 % ga kamaydi) va import hajmi 6 406,3 mln. AQSh dollariga (10,8 % ga kamaydi) yetdi. Hisobot davrida – 1 989,4 mln. AQSh dollari qiymatida passiv tashqi savdo balansi kuzatilgan.

O`zbekiston jahonning 150 dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Tashqi savdo aylanmasining nisbatan salmoqli hissasi Rossiya Federatsiyasida (16,7 %), Xitoy Xalq Respublikasida (16,6 %), Qozog`istonda (8,3 %), Koreya Respublikasida (7,4 %), Turkiyada (5,6 %), Qirg`iz Respublikasida (2,0 %) va Germaniyada (2,0 %) qayd etilgan.

Shundan so‘ng, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari mavzu yuzasidan savollar berishdi. Savollarga Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori B.G‘oyibnazarov, qo‘mita boshqarma boshliqlari O.Mamadaliyev va B.Irgashev javob berishdi.

Bugungi pandemiya sharoitida hamda mamlakatimizning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratayotgan e'tiborini inobatga olgan holda tashkil etilayotgan vebinar muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar uchun bu kabi amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan onlayn uchrashuvlarni doimiy o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

 

Mazkur videokonferensaloqaning to‘liq tavsilotlarini qo‘mitaning “Youtube”dagi rasmiy sahifasida kuzatishingiz mumkin.

Axborot  xizmati