22/05/2020

Joriy yilning 22-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti tomonidan “Makroiqtisodiy barqaror o‘sishni ta'minlashda statistik usullar va axborotlar rolini kuchaytirish” mavzusida respublika miqyosida onlayn ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur konferensiyada Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparat boshqarma boshliqlari hamda Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti professor-o‘qituvchilari mavzu yuzasidan ma’ruza qildi.

Dastlab, konferensiyada Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti, kafedra mudiri, i.f.d., akademik Saidaxror Gulyamov “O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida raqamli iqtisodiyotning roli” mavzusida ma’ruza qildi.

Shundan so‘ng, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori, i.f.d., professor Baxodir G‘ayibnazarov “O‘zbekiston Respublikasi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarining iqtisodiy-statistik tahlili” mavzusida ma’lumot berdi.

Shuningdek, Davlat statistika qo‘mitasining boshqarma boshliqlari Aziz Mamirov, Odiljon Mamadaliyev “Valyutaning xarid qobiliyati pariteti asosida YaIMni xalqaro taqqoslash” hamda “Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini statistik tadqiq etish” mavzulari bo‘yicha batafsil ma’lumot berib o’tishdi.

Mazkur respublika miqyosida o’tkazilgan onlayn ilmiy-amaliy konferensiyaga onlayn ulangan qatnashchilar mavzu yuzasidan o’zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob olishdi.

Axborot xizmati