O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-apreldagi hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida qator topshiriqlar berilgan edi. Mazkur topshiriqlarning ijrosini ta'minlash maqsadida, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan maqsadli va manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 18-may kuni tajriba tariqasida Andijon viloyatining Xonabod shahrida yashovchi aholini to‘liq qamrab olgan holda kambag‘allik darajasini o‘rganish bo‘yicha kuzatuvlar tashkil etilmoqda. Shaharda 14 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib, ulardagi aholi soni 2020-yil 1-aprel holatiga 42,6 ming kishini hamda oilalar soni 10992 tani tashkil etdi.
Davlat statistika qo’mitasi Raisi o’rinbosari M.Ziyadullayev boshchiligida tuzilgan maxsus komissiya tomonidan ayni paytda mazkur tadbirni yuqori saviyada tashkil etish uchun bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, kuzatuv so‘rovnomasini zarur miqdorda chop etish, kuzatuvga jalb etiladigan ro‘yxatga oluvchilar (intervyuerlar) va nazoratchilar (supervayzerlar)ni o‘qitish ishlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, kuzatuvlarni belgilangan hududlarda o‘tkazilishi va kuzatuv natijalari bo‘yicha to‘ldirilgan so‘rovnoma ma'lumotlarining o‘z vaqtida markaziy serverga kiritib borilishini ta'minlash masalalari kun tartibiga qo‘yildi.
Kuzatuvlarni amalga oshirishda 10 ta guruhdan iborat, Andijon viloyat statistika boshqarmasi xodimlaridan tashkil topgan jami 10 ta instruktor, 50 ta intervyuer hamda ma'lumotlarni elektron bazasini shakllantirish uchun 8 ta operatorlar biriktirilgan.
Kuzatuv bilan bog’liq masalalar va kuzatuv natijalari bilan tanishtirib boramiz.
Axborot xizmati