Joriy yilning 28- avgust kuni Davlat statistika qo‘mitasida “Kuzatilmaydigan iqtisodiyotni statistik baholashni tashkil qilish mexanizmlari” mavzusida taqdimot bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati hamda markaziy apparatning barcha tarmoq boshqarma va bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi.
Taqdimotda qo‘mitaning Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Mamirov mavzu yuzasidan ma’ruza qildi.
Tadbir davomida shu yil 27- iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, kuzatilmaydigan iqtisodiyotni statistik baholashni muvofiqlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyotni baholash bo‘yicha jahon tajribasida keng qo‘llaniladigan baholash usullari, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiya davlatlarining hamda Yevrostat yondashuvi batafsil muhokama qilindi.
Taqdimot so‘nggida kuzatilmaydigan iqtisodiyotni statistik baholash bo‘yicha vazifalar kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Axborot xizmati