Joriy yilning 27 avgust kuni Davlat statitika qo‘mitasida “Davlat statistika idoralari faoliyatiga sifatni boshqarishning ilg‘or tizimlarini joriy etish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro hamkorlik va axborot almashuv boshqarmasi boshlig‘i O.Mamadaliyev ma’ruza qildi. Tadbirda, qo‘mita markaziy apparatining barcha tarmoq boshqarma va bo‘limlari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4796-son qarori ijrosi doirasida davlat statistika idoralari faoliyatiga joriy etilishi ko‘zda tutilgan sifatni boshqarishning ilg‘or tizimlari hususida fikr almashildi.
Jumladan, BMTning “Rasmiy statistikada sifatni ta’minlashning milliy bazaviy prinsiplari bo‘yicha qo‘llanma”si (NQAF), “Statistik ma’lumotlarning universal modeli” (GSIM), “Statistik ma’lumotlarni ishlab chiqarish jarayonlarining namunaviy modeli” (GSBPM) va “Statistika idoralari faoliyatini boshqarishning universal modeli” (GAMSO) batafsil o‘rganib chiqildi.
Bundan tashqari, har bir tizim talablari, bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqligi tahlil qilindi, boshqa davlatlar milliy statistika idoralarining bu boradagi tajribasi ko‘rib chiqildi va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz: 2020 yil 3 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4796-son qarori qabul qilingan. Qaror bilan “2020 -2025 yillarda statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi” va uning ijrosi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Mazkur Strategiyada belgilangan vazifalarning ijrosi natijasida zamonaviy va ilg‘or milliy statistika tizimini yaratish va samarali faoliyat yuritishini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Axborot xizmati