26/08/2020

Joriy yil 26- avgust kuni Tailand poytaxti Bangkok shahrida Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO)ning 7- sessiyasi boshlandi. Ushbu xalqaro vebinarda Davlat statistika qo‘mitasi vakillari ham ishtirok etmoqda.

Mazkur onlayn ko‘rinishdagi tadbirni o‘tkazishdan ko'zlangan maqsad – ESKATOga a'zo mamlakatlarda rasmiy statistikani rivojlantirish masalalarini muhokama qilish, mintaqalardagi milliy statistika idoralari uchun xalqaro standartlarga mos ma'lumotlarni ishlab chiqarish, tarqatish va tahlil qilish ko‘nikmasini oshirishdan iborat.

Shu yil 26–28- avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan ushbu tadbirda Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi 50 mamlakatdan delegatlar so'zga chiqadi. Ular 2030- yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibi uchun rasmiy statistikani takomillashtirish masalalarini ko'rib chiqadi.

Muhokamalar jarayonida statistika idoralarining tashabbuslari o‘rganilib, integratsiyalashgan statistika, ma'lumotlarni tahlil qilish, rasmiy statistikani modernizatsiya qilish hamda ma'lumotlardan samarali foydalanish masalalari bo'yicha tajriba almashiladi.

Shuningdek, tashabbuslarni amalga oshirish monitoringini muhokama qilish, fuqarolik holati dalolatnomalarini ro'yxatga olish va aholining tabiiy harakati statistikasi va kun tartibi kabi masalalar yuzasidan ishtirokchilarning fikr-mulohazasi o‘rganiladi.

Davlat statistika qo'mitasi vakillari ham ESKATOning 7- sessiyasi yakunlari bo'yicha mintaqada milliy statistika tizimlarining rolini oshirish va rasmiy statistikani takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbir va tavsiyalar ishlab chiqadi.

 Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech