Joriy yilning 24-avgust kuni Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O'zbekistondagi elchixonasi vakillarining O'zbekiston Respublikasining tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuvi bo'lib o‘tdi.
Uchrashuvda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O'zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Timoti Torlot, Buyuk Britaniya xalqaro taraqqiyot vazirligining (BBXTV) Markaziy Osiyo vakolatxonasi rahbari Honor Flanagan hamda BBXTV Markaziy Osiyo vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Devid Rinnert ishtirok etdi.
O’zbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir o'rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo'chqorov boshchilik qildi. Shunindek, uchrashuvda Markaziy bank, Moliya vazirligi, Iqtisodiy rivojlanish va qashshoqlikni kamaytirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati ishtirok etdi.
Tadbirda Buyuk Britaniyaning xalqaro taraqqiyot vazirligi tomonidan O'zbekiston uchun maxsus tayyorlangan “Iqtisodiy rivojlanish maqsadidagi samarali boshqaruv” loyihasining tafsilotlari haqida ma'lumot berildi.
Ishtirokchilar inson kapitalini rivojlantirish, xususan, tadbirkorlik ta'limi va davlat tomonidan, shu jumladan ayollar va yoshlarni qo'llab-quvvatlash, mehnat bozorini rivojlantirish va rasmiy sektorni kengaytirish kabi sohalardagi hamkorlikning muhimligi to'g'risida kelishib oldilar.
Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati Buyuk Britaniya bilan hamkorlik qilishning muhim jihati sifatida O‘zbekiston Respublikasida statistikaning rivojlanishiga texnik ko'mak ko'rsatilishi borasida fikr-mulohaza almashdi.
Uchrashuv so‘nggida Buyuk Britaniyaning Xalqaro taraqqiyot vazirligi ko'magida tayyorlangan “Iqtisodiy rivojlanish maqsadidagi samarali boshqaruv” maxsus dasturini tasdiqlash bo'yicha keyingi qadamlar ishlab chiqilib, unda mamlakatning statistik salohiyatini shakllantirishda texnik yordam ustuvor yo'nalishlardan biri sifatida qayd etildi.
Axborot xizmati