17/01/2020

2019-yil 27-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Mazkur uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar belgilab berilgandi.

2020-yil 17-yanvar kuni Davlat statistika qo‘mitasida yoshlarga oid davlat siyosatida amalga oshirishda yosh kadrlarning o‘rni va salohiyatini yuksaltirish maqsadida uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Qo‘mita raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich markaziy apparatda ishlayotgan yosh xodimlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvda Bahodir Begalov yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda yosh kadrlarning o‘rni va salohiyati xususida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, yosh kadrlarning kasbiy ko‘nikmasini oshirish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, hayot va faoliyatda badiiy adabiyot, sport, ilmiy izlanish va tadqiqot ishlarining ahamiyati bo‘yicha hayotiy misollar keltirdi. Statistika sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etishda yoshlarning faol bo‘lishi alohida ta’kidlandi.

Tadbir davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savol va takliflari bilan murojaat qilishdi. Qo‘mita raisi yoshlar oldiga bir qator vazifalarni qo‘ydi. Jumladan, ilmiy salohiyatni oshirish, yurtimizning  madaniy, tarixiy o‘tmishidan xabardor bo‘lish birga vatanparvar, tashabbuskor bo‘lishga chaqirdi.

Ochiq muloqot yakunida qo‘mita Raisi bunday uchrashuvlar muntazam ravishda davom etishini ta'kidladi. 

Axborot xizmati