Mamlakatimizda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari qatori statistika sohasi ham tubdan isloh qilinib, unga xalqaro standartlar va ilg‘or jahon tajribasi keng tatbiq etilmoqda. Natijada, bunday islohotlar zamirida statistika idoralari mamlakatimizning muhim makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini zamonaviy usullarda aniqlik, shaffoflik va oshkoralik tamoyillari asosida shakllantirishi ko‘zda tutilgan.
Bugungi zamonaviy talablar asosida statistik hisobotlarni qabul qilishda inson omiliga chek qo‘yish, raqamlashtirilgan iqtisodiyotga o‘tish hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imijini ifodalaydigan reytinglarda qatnashish, statistik ma'lumotlarni foydalanuvchilar uchun qulay formatlarda e'lon qilish kabi masalalar tizim oldiga qo‘yilgan dolzarb vazifa hisoblanadi.
Ana shunday talablardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi yangilanayotgan, rivojlanayotgan O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi ko‘rsatkichlarini aks ettiradigan muhim ko‘zgusiga aylanishi, o‘zining qat'iy pozitsiyasini namoyon etishni maqsad qilgan yangi logotipini ishlab chiqdi.
Davlat statistika qo‘mitasining yangi logotipida lotinchadagi “S” – idora nomining boshlang‘ich harfini ifodalaydi. Statistikani bildiruvchi “S” harfining yashil rangda tasvirlanishi mavjudlik, barhayotlik, harakatlanayotgan jarayonni hamda ma'lum bir davriylikni ifodalaydi.
“S” harfining o‘rtasida joylashgan diagramma ko‘k-oq va qizil rangda belgilangan. Statistik ma'lumotlarning o‘sishi va kamayishini ifodalaydigan belgi (diagramma)ning ko‘k-oq rangda keltirilishi hamda ranglar orasidagi uzuqlik ma'lumotlarning ochiqligi, oshkoraligini belgilasa, ko‘k rang – haqqoniylik va to‘g‘rilikni ifodalasa, oq rang esa shaffoflik tamoyilini o‘zida aks ettiradi. Diagrammadagi o‘sish va kamayish sur'atini anglatayotgan ko‘rsatkich belgining qizil rangda keltirilishi aniqlik, jadallikni ifodalaydi.
Logotipdagi “UZSTAT” qisqartma so‘zi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining umume'tirof etiladigan yagona nomi sifatida mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi ishtiroki va statistika idoralarining xalqaro hamjamiyatdagi hamkorligida muhim ahamiyat kasb etishi ko‘zda tutilgan.
Yangi logotipni ko‘k chiziqli doirada qamrab olinishi – statistika idoralari o‘z ma'lumotlarining haqqoniyligi, ishonchliligi va daxlsizligini ta'minlashini anglatadi.
Davlat statistika qo‘mitasi
Axborot xizmati