Xalqaro taqqoslashlar dasturi tashabbuskorlari BMT va Jahon banki bo‘lib, odatda u har 3 yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Ushbu dasturning xalqaro darajada muvofiqlashtiruvchisi – Jahon banki, MDH mamlakatlari bo‘yicha esa – MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi hisoblanadi.
Umuman olganda, Xalqaro taqqoslashlar dasturiga qatnashish O‘zbekistonga nima beradi?
Birinchidan, mamlakatimiz iqtisodiyotining rivojlanishi va ko‘lami bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlarni xalqaro darajada taqqoslash va tahlil qilish imkoniyati yanada kengayadi.
Ikkinchidan, yalpi ichki mahsulot (YaIM) va uning tarkibiy qismlarini xalqaro standartlarga muvofiq shakllantirish amalga oshiriladi.
Uchinchidan, milliy hisoblar va narxlar statistikasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar sifatini yaxshilash, milliy statistika amaliyotiga xalqaro standartlarni, jumladan, xalqaro klassifikatsiyalar tizimi joriy etiladi.
To‘rtinchidan, xalqaro taqqoslashlar sohasida kadrlar salohiyatini oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Beshinchidan, xorijiy investorlar uchun mamlakatimizning investision jozibadorligini oshirish va xalqaro arenalarda nufuzini mustahkamlashga erishiladi.
Shuningdek, Xalqaro taqqoslash dasturiga qatnashish jahon hamjamiyatining O‘zbekiston statistika tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirish kabi ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi.
Axborot xizmati