Joriy yil 16-mart kuni O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan mazkur qonun mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilayapti.
Qo‘mita hamda hududiy boshqarma xodimlari televidenie, radio, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali mazkur qonun, umuman, aholini ro‘yxatga olish tadbirlari nima maqsadda amalga oshirilishi yuzasidan batafsil ma'lumot berayapdi.
Ta'kidlash lozimki, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Davlat statistika qo‘mitasi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli organ hisoblanadi.
Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi aholisi har o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatga olinadi.
Aholini ro‘yxatga olish dasturi quyidagi savollarni o‘z ichiga oladi: familiyasi, ismi, otasining ismi; tug‘ilgan sanasi va joyi; yoshi; jinsi; millati; fuqaroligi; yashash joyi (turgan joyi); tillarni bilishi; ma'lumoti; nikoh holati; bolalarining soni; uy xo‘jaligi tarkibi; uy-joy sharoitlari; bandligi; yashash uchun mablag‘lar manbalari; migratsiya (ichki va tashqi).
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Aholini ro‘yxatga olish dasturiga qo‘shimcha ravishda boshqa savollar kiritilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkaziladi.
Axborot xizmati