Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatda statistika axborotidan foydalanish samaradorligini oshirish, davlat statistika hisobotini ishonchli ravishda yuritishni shakllantirish yuzasidan izchillik bilan choralar ko`rilmoqda. Internetdagi yig`ma ma`lumotlarning milliy sahifasi Xalqaro valyuta jamg`armasi ma`lumotlarini tarqatishning kengaytirilgan umumiy tizimi bilan uyg`unlashtirildi.

Shu bilan birga, axborotlarning umumfoydalanish uchun ochiqlik holati, ochiq ma`lumotlarning oshkoralik va sifat darajasi, ularni fuqarolarga va jahon hamjamiyatga yetkazishning amaldagi mexanizmlari qabul qilingan xalqaro talablarga to`liq javob bermaydi va natijada mamlakatimizning statistika salohiyati indeksidagi o`rni pastligicha qolmoqda.

Mamlakatimiz nufuzi va investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashga qaratilgan, davlat boshqaruvining ochiqligi hamda shaffofligini ta`minlash borasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, shuningdek, 2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturidagi vazifalarni bajarishni ta`minlash maqsadida:

  1. Ma`lumot uchun qabul qilinsinki, O`zbekiston Respublikasining Hukumat portali doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning mashinada o`qiladigan formatdagi axborotdan ko`p karra, erkin va bepul foydalanish imkonini beruvchi O`zbekiston Respublikasining Ochiq ma`lumotlar portali (keyingi o`rinlarda – Portal) faoliyat yuritmoqda.
  2. Belgilansinki:
  3. a) O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi (keyingi o`rinlarda – Davlat statistika qo`mitasi) davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar to`plamlari ro`yxatini (keyingi o`rinlarda – Ro`yxat) shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning Portalda o`z vaqtida aks ettirilishi bo`yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi;
  4. b) O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o`rinlarda – Agentlik) Portalni texnik qo`llab-quvvatlash va ta`minlash hamda uzluksiz ishlab turishi uchun javobgar hisoblanadi;
  5. v) Portaldagi axborotlar:

faqat davlat organlari va tashkilotlarining respublika darajasidagi yuqori turuvchi tuzilmalari, shu jumladan Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan e`lon qilinadi;

o`zbek, rus va ingliz tillarida, shu jumladan mashinada o`qiladigan va boshqa formatlarda e`lon qilinadi;

davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy saytlarida e`lon qilinadigan axborot bilan aynan bir xil va o`zaro bog`langan bo`lishi lozim;

  1. g) davlat organlari va tashkilotlarida axborotni tayyorlash va Portalda joylashtirish vazifasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to`g`risida”gi PF–5635-son Farmoniga muvofiq tashkil qilingan, xalqaro reytinglar bilan ishlash va “elektron hukumat” tizimini joriy etish uchun mas`ul bo`lgan ixtisoslashtirilgan bo`linmalar zimmasiga yuklanadi.
  2. Davlat statistika qo`mitasi markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida davlat organlari va tashkilotlarining Portalda Ro`yxatni shakllantirish, yuritish va yangilash bo`yicha faoliyatini muvofiqlashtirish bilan bog`liq ishlar uchun mas`ul bo`linma tashkil etilsin. 

Davlat statistika qo`mitasi bir oy muddatda bo`linmaning yuqori malakali kadrlar bilan to`ldirilishini ta`minlasin.

  1. Davlat statistika qo`mitasiga Portalni rivojlantirish faoliyatini amalga oshirish doirasida quyidagi huquqlar berilsin:

ma`lumotlar va ularning manbalaridan, shu jumladan ma`lumotlarni shakllantirish sohasida huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi ichki va boshqa hujjatlar hamda ulardan foydalanish;

Portalni rivojlantirish, shuningdek, e`lon qilinadigan ma`lumotlarga taalluqli masalalar bo`yicha davlat organlari va tashkilotlaridan beg`araz asosda maslahat yordami olish;

ushbu qarorni bajarish doirasida  ekspertlar, konsultantlar va tashkilotlarni (shu jumladan, xorijiy) shartnoma asosida jalb etish;

Portalni takomillashtirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar sohasidagi faoliyatini baholash uchun xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlarning mablag`larini, shu jumladan grantlari (texnik ko`magi)ni jalb etish.

  1. Belgilansinki, 2019 yil 1 apreldan:

Davlat statistika qo`mitasi markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshlarini yagona tarif setkasi bo`yicha mehnatga haq to`lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsienti 1,3 baravarga oshirgan holda qo`llaniladi;

davlat statistika organlari xodimlariga ko`p yillik xizmatlari uchun har oylik ustamalar quyidagi miqdorlarda to`lanadi (rag`batlantirish koeffitsientini hisobga olgan holda lavozim maoshlariga nisbatan koeffitsientlarda): 2 yildan 5 yilgacha – 0,1; 5 yildan 10 yilgacha – 0,2; 10 yildan 15 yilgacha – 0,3; 15 yildan 20 yilgacha – 0,4; 20 yildan 25 yilgacha – 0,5; 25 yildan ortiq – 0,6. Ko`p yillik xizmatlari uchun mukofot puli olish huquqini beradigan ish staji O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Davlat statistika qo`mitasi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq hisoblanadi.

Ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog`liq xarajatlar O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan qoplanadi.

  1. Quyidagilar: 

O`zbekiston Respublikasining Ochiq ma`lumotlar portalini takomillashtirish bo`yicha chora-tadbirlar kompleksi 1-ilovaga muvofiq;

O`zbekiston Respublikasi Ochiq ma`lumotlar portalida joylashtirish uchun ochiq ma`lumotlar to`plamlari ro`yxatini tuzishda ustuvor xalqaro ma`lumotlar bazalarini o`rganib chiqish uchun mas`ul vazirlik va idoralar ro`yxati 2-ilovaga muvofiq;

“Ochiq ma`lumotlar global indeksi” va “Ochiq ma`lumotlar barometri” talablariga muvofiq ma`lumotlarning ochiqlik holatini o`rganish, shuningdek, O`zbekiston Respublikasining Ochiq ma`lumotlar portalida tegishli indikatorlar joylashtirilishi uchun mas`ul vazirlik va idoralar ro`yxati 3-ilovaga muvofiq;

Alohida tarkibiy indikatorlar bo`yicha statistika salohiyati indeksida mamlakatning o`rnini yaxshilashga oid “Yo`l xaritasi” 4-ilovaga muvofiq;

Jahon bankining statistika salohiyati indeksi bo`yicha yillik hisobotida O`zbekiston Respublikasi reytingini yaxshilashning maqsadli ko`rsatkichlari 5-ilovaga muvofiq;

Xalqaro byudjet hamjamiyatining Byudjet ochiqligi indeksida 2020 yildan boshlab O`zbekiston Respublikasining ishtirokini ta`minlash bo`yicha “Yo`l xaritasi” 6- ilovaga muvofiq;

2020–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasida yangilanishi lozim bo`lgan axborot-kommunikatsiya tizimlari uskunalari ro`yxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Quyidagilarning:
  2. a) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining:

Portalda e`lon qilinadigan axborotning to`liqligi, ishonchliligi, uning o`z vaqtida shakllantirilishi va yangilab turilishi;

Portalda joylashtiriladigan axborotning mazmuni va sifati;

Internet tarmog`ida O`zbekiston Respublikasi axborotlarining oshkoraligi va foydalanish erkinligini ta`minlash;

tegishli axborotni shakllantirishda xalqaro metodologik standartlarni, tavsiyalarni o`rganish hamda ularni amalda qo`llash yuzasidan;

  1. b) Agentlikning Portaldan O`zbekiston Respublikasi to`g`risida zarur axborotni olishda ichki va tashqi foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratish yuzasidan;
  2. v) Davlat statistika qo`mitasining xalqaro tajribani va foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda Portalda e`lon qilinadigan Ro`yxatning muntazam yangilanib turilishini ta`minlash yuzasidan shaxsan javobgarligi belgilab qo`yilsin.
  3. Agentlik 2019 yil 1 avgustga qadar Davlat statistika qo`mitasi bilan birgalikda ma`lumotlar to`plami va ular egalarining yagona reestrini shakllantirgan holda barcha turdagi hisobotlar hamda ma`lumotlar bazalari integratsiyalashtirilishini nazarda tutuvchi ma`lumotlarni boshqarish davlat tizimini yaratish bo`yicha “Yo`l xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin.
  4. Ushbu qarorning 2-ilovasida ko`rsatilgan vazirlik va idoralar Agentlik hamda Davlat statistika qo`mitasi bilan birgalikda:

2019 yil 10 mayga qadar iqtisodiyot tarmoqlaridagi joriy ijtimoiy va iqtisodiy o`zgarishlarning miqdor, sifat va mazmunga oid parametrlarini tavsiflovchi xalqaro ko`rsatkichlarni ushbu indikatorlar mavjudligi yoki yo`qligini aniqlash nuqtai nazaridan o`rganib chiqsin;

2019 yil 20 mayga qadar iqtisodiyot tarmoqlaridagi ijtimoiy va iqtisodiy vaziyatning xalqaro ko`rsatkichlarini o`rganish asosida Portalda joylashtiriladigan Ro`yxatni zarur axborot (indikatorlar) bilan, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida foydalaniladigan ma`lumotlar bazalari tizimlari bo`yicha axborot bilan to`ldirsin;

2019 yil 1 iyunga qadar mavjud bo`lmagan indikatorlarni shakllantirish metodikasini o`rgansin hamda keyinchalik Portalda joylashtirish uchun ularni ishlab chiqish bo`yicha zarur choralarni ko`rsin.

  1. Ushbu qarorning 3-ilovasida ko`rsatilgan mas`ul ijrochilar Agentlik va Davlat statistika qo`mitasi bilan birgalikda 2019 yil 20 mayga qadar “Ochiq ma`lumotlar global indeksi” va “Ochiq ma`lumotlar barometri” metodikasining asosiy yo`nalishlariga muvofiq ma`lumotlar ochiqligi holatini o`rganib chiqsin va tahlil qilsin hamda mavjud ma`lumotlarni Portalda e`lon qilsin.
  2. O`zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:

O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar yagona metodologik yondoshuvni ishlab chiqish va keyinchalik Portalda joylashtirish uchun ulardan foydalanishni inobatga olgan holda hududning investitsiyaviy salohiyatini to`la-to`kis ochib beruvchi axborot va materiallar ro`yxatini Davlat statistika qo`mitasi va Agentlikka kiritsin;

Portalni takomillashtirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar sohasidagi faoliyatini baholash uchun xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlarning mablag`larini, shu jumladan grantlari (texnik ko`magi)ni jalb etishda Davlat statistika qo`mitasiga ko`maklashsin.

  1. Davlat statistika qo`mitasi va Agentlik:
  2. a) 2019 yil 1 iyunga qadar:

Portalda joylashtirishning aniq muddatlari va shakllarini belgilagan holda Ro`yxatni tasdiqlasin;

xalqaro ma`lumotlar bazalarini qo`shimcha ravishda o`rganib chiqsin va axborotning yangi parametrlarini ishlab chiqish choralarini ko`rib, keyinchalik ularni Ro`yxatga kiritsin;

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda O`zbekiston Respublikasining 2020 yildan boshlab “Ochiq ma`lumotlar global indeksi” va “Ochiq ma`lumotlar barometri” xalqaro reytinglarida ishtirokini ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

  1. b) uch oy muddatda Ochiq ma`lumotlar puxtaligi modeli (“Open Data Maturity Model”) hamda boshqa xalqaro amaliyotlar asosida davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar sohasidagi faoliyatini baholash mexanizmini ishlab chiqsin va joriy etsin hamda natijalarni har chorakda Portalda e`lon qilib borsin;
  2. v) davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ochiq ma`lumotlarning joylashtirilishi va muntazam yangilab turilishi ustidan doimiy monitoring qilinishini ta`minlasin.
  3. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Davlat statistika qo`mitasining 2019 yilda ushbu qarorni amalga oshirish doirasidagi sarf-xarajatlari uchun O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablag`lar ajratsin va 2020 yildan boshlab har yili zarur byudjet mablag`larini nazarda tutsin;

har yili tasdiqlanadigan Davlat statistika ishlari dasturining qiymatini hisoblashda eng kam ish haqi miqdorlari yanada oshirilganini inobatga olsin;

7-ilovaga muvofiq, Davlat statistika qo`mitasida yangilanishi lozim bo`lgan axborot-kommunikatsiya tizimlari uskunalarini xarid qilish uchun 2020–2021 yillarda Davlat byudjetidan Davlat statistika qo`mitasiga zarur mablag`lar ajratilishini ta`minlasin.

  1. Davlat statistika qo`mitasi tomonidan davlat statistika organlarining axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun belgilangan tartibda tuziladigan ro`yxatlar bo`yicha olib kelinadigan, O`zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan kompyuter texnikasi, server va kommunikatsiya uskunalari, dasturiy ta`minot vositalari hamda ularning ehtiyot qismlari va butlovchi buyumlari 2022 yil 1 yanvarga qadar bojxona to`lovlaridan (qo`shilgan qiymat solig`i va bojxona yig`imlaridan tashqari) ozod qilinsin.
  2. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

ikki oy muddatda o`z binolariga ega bo`lmagan hududiy statistika organlarini joylashtirish choralarini ko`rsin;

hududiy statistika organlarining davlat tasarrufidagi binolar va xonalardan foydalanganligi uchun ijara haqi qiymatini “nol” stavkada belgilasin.

  1. O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi, Agentlik hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining:

2020–2021 yillarda yuNISEF bilan hamkorlikda O`zbekiston Respublikasida multiindikator klaster tekshiruvlarini o`tkazish;

O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markazi negizida belgilangan shtat birliklari soni doirasida O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutini (keyingi o`rinlarda – Institut) tashkil etish to`g`risidagi takliflariga rozilik berilsin.

  1. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy vazifalari va yo`nalishlari etib belgilansin:

davlat statistika organlari hamda boshqa vazirlik va idoralar xodimlarining bilim va ko`nikmalarini rivojlantirish hamda takomillashtirishni, shuningdek, kasb mahorati yuksak darajada bo`lishini ta`minlaydigan tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish;

statistika borasidagi ko`nikmalarni rivojlantirish, tahliliy fikrlash qobiliyatini shakllantirish va ularni amaliyotda qo`llashga yo`naltirilgan, asosan ixtisoslik fanlaridan iborat bo`lgan zamonaviy ta`lim standartlari va sifat jihatidan yangi o`qitish tizimini joriy etish;

statistika sohasidagi ilg`or tajriba va  ilmiy-tadqiqot yutuqlarini ayirboshlash, shuningdek, mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va stajirovka o`tashi bo`yicha mahalliy va xorijiy ilmiy hamda ta`lim muassasalari, xalqaro statistika tashkilotlari bilan hamkorlik qilish; 

milliy darajada qo`llanilayotgan metodologik vositalar, davlat va idoraviy statistik kuzatuvlarni xalqaro darajada uyg`unlashtirish, moslashtirish va qiyoslash nuqtai nazaridan ularni malakali ekspertizadan o`tkazish;

keyinchalik amaliyotda qo`llash uchun ilg`or statistika metodlari va texnologiyalari, shuningdek, ochiq ma`lumotlar sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish.

  1. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
  2. a) Davlat statistika qo`mitasi bilan birgalikda:

2019 yil 1 iyulga qadar Portalda tegishli axborotni e`lon qilish va yangilash tartibini buzganlik uchun ma`muriy javobgarlik belgilanishini, shuningdek, noto`g`ri davlat statistika hisobotlarini taqdim qilganligi uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;

2019 yil 1 dekabrga qadar ilg`or xorijiy tajribani inobatga olgan holda “Rasmiy statistika to`g`risida”gi qonun loyihasini;

  1. b) O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda 2019 yil 1 oktyabrga qadar “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”, “Axborotdan foydalanish kafolatlari va erkinligi to`g`risida”gi hamda “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to`g`risida”gi qonunlarning, shuningdek, axborotni tarqatishga taalluqli boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning me`yorlari unifikatsiyalashtirilishini nazarda tutuvchi axborotni tarqatish sohasidagi qonun loyihasini ishlab chiqsin hamda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin. 
  2. Davlat statistika qo`mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
  3. a) quyidagilar:

O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyatini tashkil etish;

2020–2021 yillarda yuNISEF bilan hamkorlikda O`zbekiston Respublikasida multiindikator klaster tekshiruvini o`tkazish to`g`risidagi hukumat qarori loyihasini;

  1. b) qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risida takliflarni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
  2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – moliya vaziri J.A. Qo`chqorov zimmasiga yuklansin.

 

                         O`zbekiston Respublikasi Prezidenti                                               Sh.Mirziyoev


 

 

 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta`minlash, shuningdek, mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi qaroriga

Sharh

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori mamlakatimiz nufuzi 
va investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash hamda statistika salohiyatini oshirishga qaratilgan davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta`minlash borasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida qabul qilingan.

Mazkur qaror bilan:

O`zbekiston Respublikasining Ochiq ma`lumotlar portalini takomillashtirish bo`yicha chora-tadbirlar kompleksi;

Ochiq ma`lumotlar portalida joylashtirish uchun xalqaro ustuvor ma`lumotlar bazalarini, shuningdek “Ochiq ma`lumotlar global indeksi” va “Ochiq ma`lumotlar barometri” talablariga muvofiq ma`lumotlarning ochiqlik holatini o`rganib chiqish uchun mas`ul bo`lgan vazirlik va idoralar ro`yxati;

Jahon bankining statistika salohiyati indeksida O`zbekistonning o`rnini yaxshilash hamda 2020 yildan boshlab byudjet ochiqligi indeksida ishtirok etishini ta`minlash bo`yicha “Yo`l xaritalari” va maqsadli ko`rsatkichlar tasdiqlangan. 

O`zbekiston Respublikasining Ochiq ma`lumotlar portalining samarali faoliyat ko`rsatishi va muvofiqlashtirib borilishi Davlat statistika qo`mitasiga, texnik qo`llab-quvvatlash, yangi interaktiv funtsiyalarni joriy etish esa Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga yuklatilgan.

Mas`ul vazirlik va idoralar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Davlat statistika qo`mitasi bilan birgalikda “Ochiq ma`lumotlar global indeksi” va “Ochiq ma`lumotlar barometri” metodikasining asosiy yo`nalishlariga muvofiq ma`lumotlar ochiqligi holatini o`rganish va tahlil qilinishini, shuningdek kelgusida mavjud ma`lumotlarni Portalda e`lon qilinishini tashkil etadilar.

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Davlat statistika qo`mitasiga, uch oy muddatda, Ochiq ma`lumotlar puxtaligi modeli (“Open Data Maturity Model”) hamda boshqa xalqaro amaliyotlar asosida, davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar sohasidagi faoliyatini baholash mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish hamda natijalarini har chorakda Portalda e`lon qilib borish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, qaror bilan 2020-2021 yillarda yuNISEF bilan hamkorlikda O`zbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvlarini o`tkazish, Davlat statistika qo`mitasi huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markazi negizida Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutini tashkil etish ko`zda tutilgan.

Qarorda Ochiq ma`lumotlar portalida tegishli axborotni e`lon qilish va yangilash tartibini buzganlik uchun ma`muriy javobgarlik o`rnatilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini, “Rasmiy statistika to`g`risida”gi qonun loyihasini, shunigdek “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”, “Axborotdan foydalanish kafolatlari va erkinligi to`g`risida”, “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to`g`risida”gi qonunlar me`yorlarini birxillashtirishni nazarda tutuvchi axborot tarqatish sohasidagi qonun loyihasini ishlab chiqish bo`yicha topshiriqlar ko`zda tutilgan.

Shu bilan birga, 2019 yil 1 apreldan boshlab Davlat statistika qo`mitasi markaziy apparati xodimlarining ish haqlari 1,3 martaga oshirilishi, shuningdek davlat statistika organlari xodimlariga uzoq muddat ishlagan yillari uchun 10%dan 60%gacha bo`lgan miqdorda har oylik ustamalar to`lanishi ko`zda tutilgan.

 

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA 2022 YILDA AHOLINI ROʻYXATGA OLISHNI OʻTKAZISH KONSEPSIYASINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI
DAVLAT BOSHQARUVINING OCHIQLIGI VA SHAFFOFLIGINI TA`MINLASH HAMDA MAMLAKATNING STATISTIKA SALOHIYATINI OSHIRISH YUZASIDAN QO`SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO`G`RISIDA
PRESS-RELIZLAR
CHORAK NATIJALARI
USLUBIY MATERIALLAR

DIAGRAMMA VA GRAFIKLAR
 
ISTE`MOL NARXLARI INDEKSI KALKULATORI

TADBIRKORLAR UCHUN

Tugmani bosing Tinglash