Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

Irgashev Botir Samarovich,
O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi
Narxlar statistikasi boshqarmasi 

Inflyatsiya… inflyatsiya… inflyatsiya. Bugungi kunda mamlakatimizda ushbu atamani bilmagan yoki ushbu ibora bilan kundalik xayotida duch kelmagan birorta inson topilmasa kerak.

Inflyatsiya bilan biz deyarli har yerda duch kelamiz. Aytaylik, yil boshida biz 1 mln. so`m oylik maoshi olamiz. Bunga moslashamiz va bu bizga yetarlidek. Yil oxiriga borib esa maoshimiz, xaridlarimiz o`zgarmagandek, lekin oilaviy byudjetimizda qandaydir yetishmovchilik, tanqislikni sezgandek bo`lamiz. Yoki bo`lmasa ortiqcha jamg`armamizni rejalashtirilmagan xarajatlar uchun sarflab qo`yamiz. Oqibatda jami xarajatlarni, xaridlarni amalga oshirish uchun ko`proq ishlashimish yoki qo`shimcha daromad manbaini izlashimizga majbur bo`lamiz. Bu holat barcha mamlakatlarda, garchi turli hil darajalarda bo`lsada, sodir bo`lmoqda. Chunki biz inflyatsion olamda yashayapmiz.

«Inflyatsiya» o`zi nima va u bizga nimasi bilan havf solishi mumkinligini oydinlashtirishga urinib ko`ramiz.

Inflyatsiya iqtisodiy hodisa sifatida deyarli azaldan mavjuddir. Ko`pgina iqtisodchilar uning vujudga kelishi deyarli pulning paydo bo`lishi davriga to`g`ri keladi deb hisoblaydilar.

Tarixga murojaat etadigan bo`lsak, «inflyatsiya» atamasi (inflatio – lotinchadan «bo`rtish, shishish» ma`nolarini anglatadi) ilk bor
1861-1865 yillarda Shimoliy Amerikada yuz bergan fuqarolik urushi davrida ishlatilgan bo`lib, qog`oz-pul muomalasining ko`payib ketganligi jarayonini bildirgan. XIX asrga kelib ushbu atama Angliya va Frantsiya mamalakatlarida ham ishlatila boshladi. XX asrdan boshlab, ya`ni, Birinchi jahon urushi tugaganidan so`ng  ushbu atamadan Iqtisodiy adabiyotlarda keng miqiyosda tarqala boshlagan.

«Inflyatsiya» atamasining bir qancha tushunchalari mavjud. Ilmiy dunyo va iqtisodiy terminologiyadan yiroq oddiy inson uchun inflyatsiya – bu, avvalo narxlarning o`sishidir.

Aksariyat iqtisodchilar inflyatsiya tushunchasi ostida talab va taklif o`rtasidagi muvozanatni buzulishi, iqtisodiyotda vujudga keladigan boshqa mutanosibliklar ta`sirida narxlarning o`sishini tushunadilar. Ammo bu inflyatsiya davrida barcha narxlar oshadi degani emas. Ayrim tovarlar sezilarli darajada qimmatlashadi, ba`zi mahsulotlar narxi esa o`zgarmasligi (barqaror), shuningdek, boshqa turdagi tovar va xizmatlar narxlari o`sishi tezligi turli darajalarda ro`y berishi ham mumkin.

Inflyatsiyaning qisqacha tavsifi – bu, umumiy narxlar darajasining o`sishi, yanada tushunarli tarzda ifodalaydigan bo`lsak, muomaladagi pul massalarining tovar aylanmalariga nisbatan ko`payib ketishi pul birligining  qadrsizlanishiga, bu esa o`z navbatida mahsulotlar narxining qimmatlashishiga sabab bo`ladi. Lekin bu izohni inflyatsiyaning mukammal hamda to`liq talqini deb ham hisoblab bo`lmaydi. Inflyatsiya narxlarning o`sishida namoyon bo`lsada,  ammo bu faqatgina pulga bog`liq hodisa emas. Boshqacha so`z bilan aytganda, inflyatsiya – bu, nozik ijtimoiy-iqtisodiy jarayon bo`lib, iqtisodiyotning turli jabhalarda sodir bo`luvchi nomutanosiblik oqibatida vujudga keladi.

Inflyatsiyaning oqibati nimalarni o`z ichiga oladi?

Bugungi kundagi iqtisodchilar inflyatsiyaning asosiy omillari sifatida:

  1. Disproportsionallik – bu, davlat xarajatlari va daromadlari orasidagi muvozanatning buzilishi, davlat byudjetining defitsiti deb ham atalishi mumkin. Ko`pincha ushbu defitsitni qoplash maqsadida “bosma dastgoh” xizmatidan foydalaniladi. Oqibatda pul massasi, tovar bilan ta`minlanmagan mablag` hajmi ortishi natijasida inflyatsiya darajasining oshishiga olib keladi.
  2. Inflyatsion havfli investitsiyalar – ko`pincha bu iqtisodiyotni militarizatsiyalashdir (harbiylashtirilishidir). Odatda keragidan ortiq harbiy maqsadlar uchun ajratiladigan mablag`lar ham davlat byudjetining surunkali defitsitiga, shuningdek, davlat qarzlarining oshib borishi, ushbu qarzlarni qoplash maqsadida “bosma dastgoh” yordamida qo`shimcha pul emissiyasi (pul chiqarish) amalga oshiriladi.
  3. Import qilinuvchi inflyatsiya -  uning roli iqtisodiyotning ochiqligi va mamalakatning jahon iqtisodiy munosabatlariga jalb etilishi bilan ortadi.
  4. Erkin bozorning mavjud emasligi  va uning tarkibiy qismi bo`lgan raqobatning yo`qligi.
  5. Inflyatsion kutilmalar – inflyatsiyada o`zini-o`zi rag`batlantiruvchi sifatini yuzaga kelishi. Aholi, tadbirkorlar hamda tashkilotlar doimiy ravishda oshib boruvchi narxlarga ko`nikadilar. Odamlar oylik maoshlari oshirilishini talab qiladilar hamda kelgusidagi narxlarning oshishiga tayyorgarlik ko`rgan holda mahsulotlarni zahira ola boshlaydilar. Bu esa o`z navbatida ishlab chiqaruvchilarning ta`minotchilari tomonidan narxlarni oshirishidan xavfsirab, o`z mahsulotlari narxlarini  taxminiy kutilayotgan qimmatlashish darajalariga qarab tovar narxlarini ko`tarishlari ham inflyatsiya ko`rsatkichlarining tebranishiga turtki bo`ladi. Shu kabi inflyatsion kutilmalarni biz o`zimizning kundalik hayotimizda ham bemalol kuzatishimiz mumkinligi bunga yaqqol misol bo`la oladi.

Ko`pgina g`arbiy mamlakat iqtisodchilari tomonidan foydalaniladigan inflyatsiya sabablarining boshqacha tasnifi – bu, inflyatsiyani talab va taklif qismlariga ajratishdir.

Talab inflyatsiyasi – bu, talab va talab tomonidan taklif muvozanatining buzilishidir. Boshqacha so`z bilan aytganda, bu vaziyatda davlat buyurtmalarining ortishi (masalan xarbiy), ishlab chiqarish sohasida talabdan kelib chiqqan holda ish vaqti hamda mahsulot hajmini imkoniyat doirasida ko`payishi, shuningdek, aholining harid qilish qobiliyatining oshib borishi (oylik maoshlarning ko`tarilishi)dir. Buning natijasida muomaladagi pul me`yoridan ortiq darajada ko`payib ketadi.

Harajatlar inflyatsiyasi - ishlab chiqarishdagi xarajatlar narxlarining oshishi  natijasidir. Bularga bozorga oid bo`lmagan narxlarning shakllanishi, mamlakatning iqtisodiy va moliyaviy sohalardagi siyosati, xom ashyo narxlarining qimmatlashishi va h.k.lar sabab bo`lishi mumkin.

Barchamizga yaxshi tanish bo`lgan holat, ya`ni, navbatdagi eng kam oylik ish haqi miqdorining oshishidan so`ng: «Ana endi hamma narsa oshadi» yoki «oylik oshdi, endi narxlarning oshishini kutamiz» qabilidagi gap-so`zlar tarqaladi. Oylik maoshlarning oshirilishi oqibatida yuzaga keladigan inflyatsiya o`zi bilan birga turli hil inflyatsion xarajatlarni keltirib chiqaradi. Tajribada ularning bir-biridan farqlab olish mushkul bo`lsada, ular o`zaro chambarchas bog`liq bo`lib va doimo bir-biriga ta`sir ko`rsatadi. Masalan, oylik maoshininsh oshishi inflyatsiya talabi sifatida namoyon bo`lsada, shu bilan birga xarajatalar inflyatsiyasi ko`rinishida ham bo`lishi mumkin.

Inflyatsiyaning eng «og`riqli nuqtalari»dan biri – bu, narxlarning o`sish tendentsiyasi bir maromda oshib bormaslik hususiyatiga egaligidir. Misol tariqasida ba`zi narxlar keskin sur`atda, ayrimlari esa bir maromda, qolganlari bo`lsa umuman ko`tarilmasligi ham mumkin. Inflyatsiyaning mavjud yoki mavjud emasligini, uning darajasini yaqqol namoyish eta oladigan ko`rsatkich – bu, narxlar indeksidir. 

Narxlar indeksi – bu, ma`lum vaqt mobaynidagi narxlarni
bir-biriga nisbatini tavsiflovchi ko`rsatkichlardir.

Narx indekslarining bir qancha turlari mavjud bo`lib, ular orasida birmuncha ahamiyatga ega bo`lganlari – bu, iste`mol narxlari indeksi, ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksi hamda yaIM deflyatori. Avvalgi ikkita narx indekslari aniq sohalardagi vaziyatlarni ifodalasa (iste`mol va ishlab chiqarishda), yaIM deflyator indeksi mamlakat iqtisodiyotida ro`y beradigan umumiy o`zgarishlarni aks ettiradi. Biroq tajribada inflyatsiya darajasini ifodalashda ob`ektiv omillarni hisobga olgan holda (hisob-kitoblarning operativligi, oylik davriyligi va h.k.) ko`proq iste`mol narxlari indeksi (INI)dan foydalaniladi.

Tarixga nazar soladigan bo`lsak, aytaylik, inflyatsiya  favqulotda vaziyatlardan kelib chiqqan holda shakllangan (masalan urush davrida). So`nggi vaqtlarda u dunyo mamlakatlarining aksariyatida «surunkali kasallik»ka aylanib qolgan. Iqtisodchilarning fikricha, ohirgi 30 yil davomida rivojlangan mamlakatlar ham majoziy ma`nodagi «inflyatsiya asri»ga kirib qolgan. Hozirgi kunda 2-3%lik inflyatsiya darajasi bozor iqtisodiyoti sharoitida normal holat sifatida baholanmoqda.

Inflyatsiyaning turli xil mezonlari bo`yicha tavsiflari mavjud (sur`at, kutilmalar bosqichi va ochiqligi, yuzaga kelish sabablari
va h.k.).

Oddiy odam uchun kundalik turmushda narxlarning o`sish sur`ati taqsimlash birmuncha yaqin va sezilarli darajada bo`ladi.

Zamonaviy iqtisodiy adabiyotlarda inflyatsiyaning o`sish sur`atlarini hisobga olgan holda uchta asosiy turga ajratiladi:

- mo`tadil yoki sudraluvchi (yillik o`sish sur`ati 10%dan oshmagan);

- yuqori sur`at (yillik o`sish sur`ati 10%dan 200%gacha);

- giperinflyatsiya (yiliga  200%dan yuqori).

Boshqa bir manbaalarda esa yuqorida qayd etilganlarga qo`shimcha ravishda yana normal inflyatsiya tushunchasi ham qo`shiladi (yillik o`sish sur`ati 2-3 %dan oshmagan).

Endi inflyatsiyani qanday baxolanishiga e`tiborimizni qaratamiz. Tajribada uning asosiy ko`rsatkichi sifatida iste`mol narxlari indeksi oldinga chiqadi.

Narxlar indeksini hisoblash formulasi turli iqtisodchilar mehnati samarasi natijasida bosqichma-bosqich «shaffoflasha» boshladi. Natijada bularning asosiy muallifi sifatida eten Laspeyres ta`kidlanadi. U o`z davri iqtisodchilari orasida narx indeksini hisoblagan birinchi odam bo`lmagan albatta. Birinchi navbatda 1738 yilda narx indekslari tushunchasiga ta`rif bergan Sharl Dyuto nomini qayd etish joizdir. U bilan deyarli parallel ravishda italiyalik iqtisodchi Karli 1764 yilda hech qanday salmoqlarsiz o`rtacha arifmetik formulani qo`llagan holda narx indeksini shakllantirishga erishdi. 

Bu qiziq! Mashhur narx indekslarini hisoblash bo`yicha metodikalar qatorida yanada qiziq (ekzotik) uslub, ya`ni, «gamburger» uslubi ham mavjud. Mazkur indeksdan turli xil mamlakatlar orasida aynan bir xil mahsulotlar narxlarini baxolash maqsadida foydalanilgan. 2015 yil hisob-kitob natijalaridan ma`lum bo`ldiki, gamburger eng qimmat sotilayotgan mamlakat Shveytsariya (6,82$), aksincha, eng arzon sotilayotgani esa Venesuelada (0,67$) aniqlangan. O`zining soddaliliga qaramasdan «gamburger» indeksi bir hil darajadagi daromadga ega davlatlar orasida valyuta qiymatlarining nomuvofiqlikni ko`rsatib bera oladigan samarali vosita sifatida o`zini ko`rsata oldi.

Iqtisodiy maqsad va hisoblanish mexanizmni tushunib olishdan avval iste`mol narxlari indeksi nimaligini anglab olishimiz zarur.

Iste`mol narxlari indeksi (INI) o`rtacha iste`molchi tomonidan harid qilingan tovar va xizmatlarning umumiy narxlari o`zgarishini hisoblab, shu bilan birga aholi  tomonidan iste`mol qilinadigan tovar va xizmatlarning bir hil miqdori bilan muayyan vaqt ichida xarajatlarning umumiy miqdoridagi o`zgarishini hisoblaydi.

INIni aniqlashdan avval, tovar va xizmatlar qiymatidagi o`zgarishlarni hisoblash uchun dastlab tayanch davrni belgilab olish talab etiladi. Undan so`ng esa INIni hisoblash uchun boshlang`ich va joriy davrlarda qayd etilgan tovar va xizmatlarning qiymatini  aniqlab olish kerak. Narxlar indeksini topish uchun joriy to`plamdagi qiymatlarni xuddi shunday bazis davrdagi to`plamga bo`lishimiz kerak. Bu formulani quyida ifodalash mumkin:

 

Iste`mol narxlari
indeksi

=

Joriy davrda qayd etilgan tovar va xizmatlar
to`plamining qiymati

Bazis davrda qayd etilgan tovar va xizmatlar
to`plamining qiymati

Bu yerda keltirilgan sxemaning ancha soddalashtirilganligi bizga hisob-kitobning tub mohiyatini anglashimizga yordam beradi. Bu yo`l bilan har bir oila o`zining «shaxsiy» inflyatsiyasini baxolay olishi mumkin. Buning uchun asos sifatida oilalar harid qiladigan tovar
va xizmatlar ro`yxatini shakllantirib olishlari kerak bo`ladi. Keyingi bosqichda natural ko`rinishda harid qilingan aniq bo`lgan tovar va xizmatlarning qiymati hisoblab chiqiladi. Shundan so`ng, asos sifatida qayd etilgan boshlang`ich davrdagi hisoblangan narxlar bilan joriy davrdagi narxlarni taqqoslashimiz mumkin bo`ladi. Joriy yildagi narxlarni asos siftida hisoblangan narxlarga bo`lish yo`li bilan «shaxsiy» oilaviy inflyatsiyamizni aniqlaymiz.

Shuni alohida qayd etish lozimki, ommaviy axborot vositalari yangiliklarida, rasmiy idora vakillari tomonidan taqdim etilayotgan rasmiy inflyatsiya va biz hisoblagan shaxsiy inflyatsiya bir-biridan tubdan farq qiladi. Rasmiy ma`lumotlar mamlakatning umumiy iqtisodiy o`sish tendentsiyalarini namoyish etsa, «shaxsiy» inflyatsiya esa alohida tanlab olingan oiladagi vaziyatni tavsiflab beradi.  

Bu nima bilan bog`liqligini tushuntirib o`tishga urinib ko`ramiz. Gap shundaki, rasmiy idora vakillari tomonidan inflyatsiyani hisoblashda foydalaniladigan formuladagi tovar va xizmatlar to`plami aynan aniq bir oila uchun tanlab olinmasada, lekin u alohida tanlab olingan oilalarning umumiy «shaxsiy» inflyatsiyalaridan kelib chiqqan  holda hisoblanadi. Masalan,  siz  umuman go`sht iste`mol qilmaydigan vegetariansiz va Sizning «shaxsiy» inflyatsiyangizda go`sht mahsulotlari narxning o`zgarishlari e`tiborga olinmaydi. Yoki professional sportchi (kulturist)siz va vitamin hamda kaloriyali ovqatlar (go`sht, go`shtli mahsulotlar)ga ko`proq pul sarflaysiz. Bunda esa sizning «shaxsiy» inflyatsiyagiz ushbu tovarlarning narxlari dinamikasiga bog`liqligi yaqqol sezilib qoladi. endi tasavvur qilib ko`ring, mamlakatimizda oilalar soni, ularning ovqat hamda kiyimga bo`lgan talab va ehtiyojlarining turliligi,  xarajatlari qancha? Harid qilish joylari ham turlicha (do`konlar, bozorlar va h.k.), oilalarning tarkibi ham turlicha, kimdir bir o`zi yashaydi, kimdir esa besh nafar farzandi bilan yashaydi. Kimdir ashaddiy chekuvchi (kashanda) va uning tamaki mahsulotlariga bo`lgan sarf-harajatlari ham sezilarli darajada bo`ladi. Bozorlardagi shampun, sovunlarning turlari, ularning narxlari ham bir-biridan deyarli ikki barobarga farq qiladiganlari ham bor. Shunday ekan, qanday qilib iste`mol narxlari indeksini hisoblash kerak?

Istemol bozoridagi narxlarning xilma-hilligini o`rtachalashtirish maqsadida statistika organlari  tomonidan ikkita turdagi tanlanma kuzatuvlar amalga oshiriladi: uy xo`jaliklarining iste`mol xarajatlari va iste`mol narxlarining ro`yxatga olish. Qayd etib o`tamizki, ushbu ikki turdagi tanlanma kuzatuvlar xalqaro statistik standartlar talablariga mos keladi.

Statistika organi vakillari uy ho`jaliklari harajatlarini kuzatishda ular (sodda qilib aytganda, «ro`zg`ori bitta» oilalar)dan   oilaning jami xarajatlarini qayd etish bo`yicha so`rovnoma-anketa to`ldirishni taklif etishadi. Shundan so`ng yig`ilgan ma`lumotlar umumlashtirilib, barcha aholi o`rtachalashtirilgan holda taqsimlanadi. Boshqacha so`z bilan aytganda, tanlanma kuzatuv metodikasiga ko`ra kuzatuvga tushgan uy xo`jaliklari amalga oshiradigan xarajatlarni o`rta hisobda qolgan oilalar ham shuncha miqdorda sarf qiladilar deb taxmin qilinadi. 

Ushbu kuzatuv metodikasi umumiy tan olingan hamda xalqaro standart talablariga mos kelishini yana bir bor eslatib o`tamiz. Bu nimani anglatadi?, Ushbu kuzatuv usulidan umuman olganda ko`pchilik rivojlangan mamlakatlar, aytaylik Yevropa davlatlari ham, MDH davlatlari ham shu uslubdan foydalanadilar. Shuningdek, yana xarajatlar hisob-kitoblarni amalga oshirishning muqobil uslublari qatorida milliy hisoblar tizimi ma`lumotlari yoki chakana tovar aylanmasi va xizmatlar to`g`risidagi ma`lumotlardan foydalanilsada, lekin masalaning umumiy mohiyati o`zgarmasligicha qoladi.

Keyinchalik, uy xo`jaliklari xarajatlari ma`lumotlari asosida aholining jami xarajatlarida har bir tovar va xizmatlar uchun sarflagan mablag`lar miqdori aniqlashtirilib, indekslarni hisoblash uchun salmoq vaznlar tizimi shakllantiriladi. Shakllantirilgan salmoq vaznlar tizimidan yuqorida nomi qayd etib o`tilgan modifikatsiyalangan Laspeyres formulasidan foydalaniladi. Modomiki bu INIni xisoblashda jarayonida natural ko`rinishdagi ko`rsatkichlarni salmoq vaznlar ko`rinishiga keltirib, masalani ancha osonlashtiradi.

Undan so`ng indekslarni hisoblashda o`rtacha narxlarni shakllantirish uslubiyotiga to`xtalib o`tamiz. Bu yerda ham yillar davomida xalqaro tajribalar asosida sinalgan “Iste`mol narxlari indeksi bo`yicha qo`llanma: Nazariya va amaliyot” (Xalqaro Valyuta Fondi, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti, Yevropa hamjamiyati statistika byurosi (Evrostat), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YeIK), Butunjahon banki va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) hujjatlari asos bo`lib xizmat qiladi (2004 yildagi ingliz tili va 2007 yildagi rus tilidagi tahrirlari).

Eslatib o`tamiz, bozorlardagi xilma-hil narxlarni kuzatuvini qamrab olish – bu, deyarli imkonsizligi bois statistika yana bir bor uy xo`jaliklari xarajatlarini kuzatuvi metodiga, ya`ni tanlanma kuzatuvga murojaat etadi. Bunda tanlanma kuzatuv hududlari, savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlari (jumladan, do`konlar, bozorlar), aniq tavsifga ega tovarlar (masalan, “Nestle” suti, yumshoq qadoqda, yog`lik darajasi 3,2%). Keyingi vazifa, ushbu mahsulot va xizmatlarning narxlarini sinchikovlik bilan ro`yxatga olishdan iborat bo`ladi.

Bularning barchasi osondek tuyulishi mumkin. Lekin bu birinchi qarashda shunday ko`rinadi. Keyinchalik “Statistika qaerdan bunday narxlarni oldi?”, “Men ancha qimmatroq narxda xarid qilaman” va shu kabi jumlalarni tez-tez eshitib turamiz. Javobi oddiy, statistika hisob-kitoblarda o`rtacha narxlardan foydalanadi. Bu esa nafaqat yuqori narxlarni ro`yhatga olish, balki aholi harid qilyotgan arzon narxlarni ham inobatga olishni ko`zda tutadi.

Barcha narsaga shubha bilan qaraydiganlarga shuni aytishimiz mumkinki, o`rtacha narxlarni hisoblash – bu, umumiy tan olingan uslub bo`lib, undan foydalanganlik uchun statistiklarga tanbeh berish noo`rin. Bu esa shifokorni bemorni davolaganligi uchun, yoki bo`lmasa xaydovchini avtomobilni burishida ruldan foydalaganligi uchun xaqorat qilishdek degan gap. Barcha mamlakat statistiklari iste`mol narxlari indeksini hisoblashda o`rtacha narxlardan foydalangan holda hisob-kitoblarni amalga oshiradilar.

Shuni alohida qayd etib o`tish joizki, statistiklar ko`pincha “taqqoslanuvchi o`rtacha narxlar” iborasidan foydalanadilar. Bu esa bir hil turdagi mahsulotlarning, ularning narxlari, o`rtacha narxlarni shakllantirishda ishtirok etgan narxlar soni birliklari (10 ta tovar - 10 ta narx) narxlar qayd etilgan savdo ob`ektlari ham o`zgarmagan bo`lishi lozim. Masalan, o`rtacha narxlarni taqqoslash uchun Toshkent shahrining Chorsu bozoridan yog`lilik miqdori tahminan 3,0-3,2% bo`lgan sut mahsuloti narxini sotuvchi F.S.Abdullaevdan olingan bo`lsa, keyingi safar ham hech bir omillar ta`sirisiz (ya`ni, boshqa bozor, do`kon, sifat xususiyatlarini o`zgartirmagan holda) aynan o`sha mahsulot narxi kuzatilishi, bu esa narxlarning o`zgarishiga jiddiy ta`sir etmasligi kerak. Bu narx-navo dinamikasi monitoringi bo`yicha xalqaro standartlarda belgilab o`tilgan muhim printsipdir. Bitta mahsulotning o`rtacha taqqoslanadigan narxini hisoblash uchun ro`yxatdan o`tgan narxlar (bizning misolimizda sut mahsuloti) Toshkentning har bir tumanidan 20, 30 va undan ortiq narxlar qayd etilishi mumkin. Agarda, bir savdo nuqtasidan narxlarni ro`yxatga olish uchun bozorlarda quyib beriladigan sut mahsuloti olingan bo`lsa (1 litr uchun 3000 so`m), boshqa yerda esa qattiq qadoqdagi sut narxi (8000 so`m) va uchinchi savdo nuqtasidagi yumshoq qadoqdagi sut (6500 so`m) narxlari va h.k. Aholining aksariyat qismi har doim har xil joylardan mahsulot sotib olishlari mumkin (masalan birinchi oyda uyiga yaqin do`kondan, keyingi oyda esa ulgurji savdo nuqtasidan, boshqa safar esa yirik savdo nuqtalaridan va h.k.). Shuning uchun “shaxsiy” inflyatsiyani hisoblashda ushbu faktni hisobga olish va narxga ta`sir etadigan “inflyatsiyaning noan`anaviy omillari” (boshqa sinf, tur, do`kon, qadoq va h.k.)ni imkon qadar chiqarib tashlash kerak.

Hisob-kitoblarga qaytadigan bo`lsak. O`zaro taqqoslanadigan davrlar bo`yicha solishtiriladigan narxlarni, shuningdek, uy xo`jaligi xarajatlari to`g`risidagi tarkibiy ma`lumotlarni olish yo`li bilan indekslarni bevosita hisoblash orqali amalga oshiriladi. Tushunish qulayligi uchun, iste`mol narxlari indeksi tovarlar va xizmatlar uchun narxning butun o`zgaruvchanligining og`irligi o`rtacha deb belgilangan. Boshqa so`z bilan aytganda, faqat narxlarning barcha o`zgarishlarini soniga bo`lish emas, balki tovar va xizmatlarga aholi umumiy xarajatlarining har bir solishtirma og`irlik nisbati asosida (oddiy o`rtacha arifmetik) soniga bo`linadi va o`rtacha og`irligi umumlashtiriladi.

Mamlakatimizda inflyatsiya qanday hisoblanadi?

O`zbekistonda Xalqaro valyuta fondining (XVF) texnik yordami bilan 1994 yildan buyon iste`mol narxlari indekslarini hisoblash tizimi joriy etilgan. Dastlab (1994), hisob-kitoblar bo`yicha tovarlar va xizmatlar ro`yxati 285 ta mahsulotni tashkil etgan. Bozorda sharoit o`zgarganligi sababli ushbu ro`yxat 2012 yilda 305, 2017 yilda 350 to`plamdan, 2018 yildan boshlab tovarlar va xizmatlar to`plami 386 taga o`zgarmoqda, shulardan 112 tasi - oziq-ovqat mahsulotlari, 206 ta nooziq-ovqat mahsulotlari va 68 tasi xizmatlarni tashkil etdi. Ushbu to`plamga nafaqat ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar va xizmatlar (non, un, yog`, go`sht, kommunal xizmatlar, va boshqalar), balki foydalanishda majburiy bo`lmagan mahsulotlarni ham o`z ichiga oladi (masalan, avtomobillar, benzin, zargarlik buyumlari, qishloq xo`jaligi uskunalari  va boshqalar).

Indekslar hisobi uy-xo`jaliklarining iste`mol xarajatlari tarkibi va o`rtacha hisoblangan solishtirma narxlar o`zgarishlarini hisobga olgan holda modefikatsiyalangan Laspeyres formulasi orqali hisoblanadi. Hisob-kitoblarning davriyligi – oylikdir. INIni hisoblashda narx omiliga qo`shimcha ravishda (ya`ni, tovarlar va xizmatlar narxlarining haqiqiy o`zgarishi), muayyan tovarlar va xizmatlarning o`ziga xos salmoq vaznlari ham ta`sir etadi. Shunday qilib, statistiklar tovar va xizmatlarning iste`mol narxlari indeksi va uning xarakatlarini butun mamlakat miqyosida o`rtachalashtiradilar.

Hisob-kitob metodologiyasiga kelsak, ichki statistika hali bir joyda to`xtab qolmaydi va mamlakatda sodir bo`layotgan inflyatsiya jarayonlarini imkon qadar ob`ektiv aks ettirish uchun doimiy ravishda mexanizmni takomillashtirib boradi.

Inflyatsiya ko`rsatkichining nechog`lik ahamiyatli ekanligini tasdiqlovchi 2017 yil 23 iyunda qabul qilingan “Respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari bilan ishonchli ta`minlashga oid kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlari to`g`risidagi PQ-3082-sonli, 2017 yil 13 sentyabrdagi “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi PQ-3272 Prezident qarorlari va shu asosda “2017-2021 yillarda pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish va inflyatsiya darajasini tartibga solish rejimiga bosqichma-bosqich o`tish bo`yicha chora-tadbirlar” rejasi ishlab chiqildi.

Bu ikkala hujjat ham INIni shakllantirish metodologiyasini tubdan takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini qabul qilinganligini nazarda tutadi. Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi iste`mol narxlari va INI hisob-kitoblarini monitoring qilish uchun yangilangan metodologiyani ishlab chiqdi, bu esa namuna olish mexanizmini takomillashtirishni taqazo etib (hududlar, kuzatuv ob`ektlari, tovarlar va xizmatlar), mavsumiy hususiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari uchun INI hisob-kitob usullarini muvofiqlashtirishni ko`zda tutadi. Narxlar kuzatuvidagi tovarlar va xizmatlarning ro`yxati 36 ta turga kengaytirildi. Ro`yxatga bolalar ozuqalari (kasha, bo`tqa), muzlatilgan baliq, suyultirilgan va kolbasa shaklidagi pishloq (kolbasnыy sыr), soqol olish uchun ko`pik, gel va boshqalar.

2017 yil yakunlari:

2017 yilda inflyatsiya darajasi 14,4 %ni tashkil etib, bu esa boshqa MDH davlatlariga nisbatan birmuncha yuqoridir:

2017 yilning dekabr oyida MDHning ayrim mamlakatlarida iste`mol narxlari indeksi*

(2016 yilning dekabr oyiga nisbatan,%)

* Tegishli davlatlarning rasmiy statistika saytlari ma`lumotlariga asosan


Bu yaxshimi yoki yomonmi? Mamlakatning har qanday aholisi uchun inflyatsiya deyarli har doim salbiy omil hisoblanadi (bozorlardagi olib-sotarlar, bundan manfaatdor kishilardan tashqari). Biroq, har bir narsa birinchi qarashda ko`ringanidek yomon emas. Inflyatsiya darajasining keskin pasayishining ham o`ziga xos kamchiliklari bo`ladi. Inflyatsiyaning o`ta past darajada bo`lishi uning juda yuqori suratlarda bo`lganidek mamalakat iqtisodiyoti uchun xavfli sanaladi. Bu nimada aks etadi? Agar narx ko`tarilmasa, aholining talabi pasayib, kamroq sotib oladilar, chunki keyingi kunda ham narxlar bir hil darajada qoladi. Oqibatda pulni sarflashdan ko`ra jamg`arish yanada foydalidek tuyuladi. Bundan tashqari narxlarning keskin pasayishida ko`plab tashkilotlar qiyinchiliklarga duch keladilar, vaholanki “inflyatsion oziqlanish”ga o`rganib qolgan tashkilotlarning iqtisodiy modeli o`z samaradorligini yo`qotib boradi. Shuning uchun ham o`ta past suratdagi inflyatsiya iqtisodiyotni “sovutishi” mumkinligi bilan xavflidir. Inflyatsiyaning o`ta yuqori suratlarda pasayishi ayniqsa baland foizlarda uzoq muddatlarga kredit olgan tashkilotlarni jiddiy qiyinchiliklarga solib qo`yadi. Ularning mahsulotlariga bo`lgan talab va narxlar oshmasa, oqibatda kreditni qoplash masalasi kundan-kunga qiyinlashib borishi mumkin.

Bunday vaziyatda narxlarning o`sishi nafaqat ichki talablarni oshiradi, balki investitsiyalarni rag`batlantiradi, ishlab chiqarish salohiyatini oshiradi, ishsizlik darajasini pasaytiradi. Shuning uchun ayrim mamlakatlar iqtisodiyotni rag`batlantirish uchun inflyatsiya darajasining biroz tezlashishiga imkoniyat yaratadilar.

Shu bilan birga, juda tez va eng asosiysi, oldindan aytitib bo`lmaydigan narxlarning o`sishi, ijtimoiy–iqtisodiy barqarorlikning buzilishi va barchamizga ma`lum bo`lgan salbiy natijalarga olib kelishi mumkin.

Shuning uchun rivojlangan mamlakatlar iqtisodchilari inflyatsiya darajasidan ko`ra uning prognozlarini ishlab chiqishga imkon beradigan real iqtisodiy rejalar to`g`risida ko`proq fikr yuritmoqladar.

Valyuta siyosatini erkinlashtirish mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning ajralmas qismi, ushbu davrda muammoga duch kelayotgan birinchi va oxirgi mamlakat ham emasmiz. Xulosa chiqarish uchun hali juda erta. Valyutani isloh qilishga bo`lgan zarurat avvaldan shakllanib borgan va bu borada hali ko`p ishlarni amalga oshirish kerak bo`ladi.

 Bizni 2018 yilda nima kutmoqda? Nimaning narxi ko`tariladi? Bu savollar har birimiz tomonidan so`raladi.

Har qanday islohat kabi, devalvatsiya va valyuta liberalizatsiyasi siyosati mamlakat uchun qiyin bo`lgan jarayondir.

2018 yilda respublikada inflyatsiya darajasi Xalqaro Valyuta Jamg`armasi ma`lumotlariga ko`ra 14,3 %ni, Markaziy bank esa 11,5-13,5 % tashkil etishini baholayapti.

Inflyatsiya darajasi ko`plab omillarga bog`liq bo`ladi, jumladan:

  • tovar va xizmatlarning asosiy turlari bo`yicha narxlarning o`sishi (tartibga solinadigan narxlar, shu jumladan). Ulardan ba`zilari ma`lum (masalan ba`zi viloyatlarda bolalar maktabgacha ta`lim muassasalarida to`lov badali, shuningdek elektr, gaz, pochta va telefon aloqasi uchun tariflarning oshishi xaqida xabardor etildi), boshqalari narxlarni tartibga solishning tegishli organlariga bog`liq bo`ladi (boshqa turdagi kommunal to`lovlar, shahar yo`lovchi tashish transporti, benzin narxi, non, un va boshqalar), uchinchisi alohida kompaniyalarning narx-navo siyosati bilan belgilanadi (bu, birinchi navbatda uyali aloqa va internet, havo va temir yo`l transporti xizmatlari bilan bog`liq), to`rtinchisi – tovarlar import qilinadigan mamlakatlarning narxlari holatidan, beshinchisi – bozorda sotuvchilarning oddiy odobidan;
  • shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berish va realizatsiya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” 2017 yil 28 dekabrdagi 1025-sonli qarorini bajarishi bilan bog`liq qurilish materiallarning narxlari oshishi kutilmoqda;
  • milliy valyuta kursining dinamikasi, o`tkazilayotgan pul-kredit siyosati mamlakatdagi inflyatsiya jarayonlariga ham ta`sir qiladi va shunga muvofiq, narxlarning yuqori o`sishiga yoki o`sish sur`atlarining pasayishiga olib keladi;
  • aholi va korxonalarning kelgusi narx o`sishi bo`yicha inflyatsion taxminlari sezilarli darajada ta`sir qilishi mumkin.

Shubxasiz, bu 2018 yilda O`zbekistonda inflyatsiya jarayonlarini rivojlantirish uchun mumkin bo`lgan stsenariyalarning to`liq ro`yxati emas. Biroq, inflyatsiya ko`p qirrali xodisadir va bu yerda prognoz qilish juda qiyin. Lekin “iqtisodiyotning ko`zgusi” sifatida statistika mavjud natijalarni ob`ektiv ravishda aks ettirishi kerak. Shunday qilib, barcha o`zgarish jarayonlarni vaqt ko`rsatadi. Umid qilamizki, bu tasavvurlar siz uchun foydali bo`ladi va hech bo`lmaganda “inflyatsiya hisob-kitoblarning siri” pardasini biroz ochib beradi.

 

  • ASOSIY SAHIFA
  • QO`MITA HAQIDA
  • AXBOROT XIZMATI
  • INTERAKTIV XIZMATLAR
  • OCHIQ MA’LUMOTLAR
  • MUROJAATLAR
  • KONTAKTLAR
  • Tugmani bosing Tinglash